O‘zbekistonda so‘nggi 9 oy ya’ni yanvar-sentabr oylarida “Tez yordam”ga 9 mln 958 ming 507 ta chaqiriq kelib tushdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon Gafurovning so‘zlarini keltirmoqda.

Keltirilishicha, bajarilgan chaqiruvlarning aksariyati, ya’ni 7 million 107 ming 703 tasi shoshilinch ko‘rsatma bilan, shuningdek surunkali kasalliklar — 2 million 531 ming 699 ta va tug‘uruqlar — 64 ming 446 tani tashkil qildi.

Eng ko‘p murojaatlar:

  • Farg‘ona viloyatida — 1 040 546 ta;
  • Andijon viloyatida — 1 013 131 ta;
  • Toshkent shahrida — 1 007 327 ta;
  • Toshkent viloyatida — 933 600 ta;
  • Namangan viloyatida — 905 000 ta qayd etilgan.

Eng kam chaqiriq Navoiy (296 046 ta), Sirdaryo (335 010 ta), Jizzax (399 342 ta) va Buxoro (482 325 ta) hamda Xorazm viloyatida (489 761 ta) kuzatildi. Hozirgi kunda “Tez yordam” xizmatida jami 2 853 ta tibbiy brigada faoliyat olib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda tez tibbiy yordam xizmatiga 13 mln 522 mingta qo‘ng‘iroq kelib tushdi. Bu 2022-yilgidan yarim milliontaga ko‘p degani. Eng ko‘p murojaat Farg‘ona vodiysi va Toshkent shahridan bo‘lgan.