O‘zbekistonda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarning telekommunikatsiya va internet tarmoqlaridan foydalangan holda noqonuniy aylanishi, shuningdek, ushbu jinoyatlarni voyaga yetmaganlar ishtirokida sodir etganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirildi. Bundan tashqari, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar, kuchli ta’sir qiluvchi va zaharli moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda olganlik, saqlaganlik, tashiganlik yoki jo‘natganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-oktabr kuni Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Ma’muriy kodekslarga tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Hujjat Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 23-aprelda qabul qilingan va Senat tomonidan 21-iyunda ma’qullangan.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga bir qator yangi moddalar kiritildi.
56−2-modda
Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida tayyorlash, xuddi shuningdek, ularni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish, reklama qilish, namoyish etish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarlik uchun huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga yoxud huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish jazosi nazarda tutilmoqda.
56−3-modda
Yuqorida ta’kidlangan moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish bilan bog‘liq sodir etilgan harakatlar uchun, ushbu mahsulotlarni musodara qilgan holda BHMning bir baravaridan ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga yoxud giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni musodara qilib, o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Agar ushbu harakatlarni sodir etgan shaxs o‘z ixtiyori bilan aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida hokimiyat organlariga arz qilsa va giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni topshirsa, javobgarlikdan ozod qilinishi belgilanmoqda.
56−4-modda
Giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida tayyorlash, xuddi shuningdek ularni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish, reklama qilish, namoyish etish holatlari aniqlanganda huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga yoxud huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish jazosi ko‘zda tutilmoqda.
O‘z navbatida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan yangi moddalarda nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarning taalluqliligi Ichki ishlar organlariga tegishli ekani, ushbu huquqbuzarliklar haqidagi ishlarni ko‘rib chiqish esa Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan amalga oshirilishi qayd etilmoqda.
Jinoyat kodeksining 251−1-moddasi
Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida tayyorlash, xuddi shuningdek, ularni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish, reklama qilish, namoyish etish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Ushbu modda bilan aybdor deb topilganlar bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 1 yildan 2 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yildan 2 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Agar yuqorida ko‘rsatilgan harakatlar maktabgacha ta’lim tashkilotlari, o‘quv yurtlari hududida va talabalar (maktab o‘quvchilari) yotoqxonalarida, bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida yoki talabalar (maktab o‘quvchilari) tomonidan o‘quv, sport yoki jamoat tadbirlarini o‘tkazish uchun foydalaniladigan boshqa joylarda, shuningdek ularga tutash hududlarda sodir etilgan bo‘lsa, jazo BHMning 300 baravaridan 500 baravarigacha miqdorda jarima yoki 1 yildan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoxud psixotrop moddalar bo‘lmagan kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish, xuddi shuningdek ularni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoxud ularni tayyorlash yoxud qayta ishlash uchun asbob-uskunalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab tayyorlash, olish, saqlash, tashish, jo‘natish yoki o‘tkazish 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu harakatlar maktabgacha ta’lim tashkilotlari, o‘quv yurtlari hududida va talabalarning (o‘quvchilarning) yotoqxonalarida, bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida yoki talabalar (o‘quvchilar) tomonidan o‘quv, sport yoki jamoat tadbirlarini o‘tkazish uchun foydalaniladigan boshqa joylarda, shuningdek, ularga tutash hududlarda sodir etilgan bo‘lsa, jazo choralari kuchaytiriladi.
251−2-modda
Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar bo‘lmagan maxsus toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ko‘rsatib o‘tilgan harakatlarni sodir etgan shaxs, agar u hokimiyat organlariga o‘z ixtiyori bilan aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida arz qilgan bo‘lsa va giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni topshirgan bo‘lsa, jazodan ozod qilinadi.
Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadida qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar, xuddi shuningdek ularni telekommunikatsiya tarmoqlari, shuningdek Internetdan foydalangan holda o‘tkazish (273-moddaga qo‘shimcha) 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shuningdek, JK 274-moddasi quyidagi tahrirda kengaytirildi:
Giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni ularni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida tayyorlash, xuddi shuningdek ularni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internetda namoyish etish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 150 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 1 yildan 2 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 1 yildan 2 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Xuddi shunday harakatlar maktabgacha ta’lim tashkilotlari, o‘quv yurtlari hududida va talabalar (maktab o‘quvchilari) yotoqxonalarida, bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida yoki talabalar (maktab o‘quvchilari) tomonidan o‘quv, sport yoki jamoat tadbirlarini o‘tkazish uchun foydalaniladigan boshqa joylarda, shuningdek ularga tutash hududlarda sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 300 baravaridan 500 baravarigacha miqdorda jarima yoki 1 yildan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoki aql-iroda faoliyatiga ta’sir etuvchi boshqa moddalarni istalgan shaklda iste’mol qilishga jalb qilish 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish jinoyatini ilgari sodir etgan shaxs tomonidan sodir etilgan xuddi shunday harakatlar: ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni o‘tash joylarida: ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.