New York Times gazetasi Ukrainaning Rossiya bilan Donbass uchun jangdagi strategiyasini tahlil qilib, Ukraina armiyasi shiddatli janglarda (rope-a-dope taktikasi) imkon qadar rus qo‘shinlarini charchatishga harakat qilmoqda, degan xulosaga keldi. Nashrning fikricha, bu strategiya muvaffaqiyatli bo‘ladimi yoki yo‘q, hozircha noma’lum.

NYT’ning qayd etishicha, Ukraina o‘tgan yil davomida Donetsk viloyatidagi bir qancha shaharlarni, jumladan, Avdeyevka va Ugledarni boy bergan va odatda bir necha oy davom etgan shiddatli janglardan so‘ng qo‘shinlarini olib chiqib ketgan. Ukraina Qurolli kuchlarining (UQK) “sekin, ammo barqaror” chekinishi final boshlanganidan darak berayotgandek tuyulishi mumkin, ammo nashr bilan gaplashgan ukrainalik askarlar va harbiy ekspertlar hududda “oddiy hududiy yutuq va yo‘qotishlardan tashqaridagi” kurash ketayotganini ta’kidlamoqda.

Ukraina davlat strategik tadqiqotlar institutidan harbiy tahlilchi Nikolay Beleskov nashr bilan suhbatda buni “hududlarni Rossiya yo‘qotishlariga almashtirish” strategiyasi deb atadi. Uning g‘oyasi, deb yozdi gazeta, hujum qilingan shaharlardan chekinish orqali dushmanni ishchi kuchi va texnika ko‘rinishida ehtimoliy maksimal narx to‘lashga majbur qilish hisoblanadi.

“Moskva ko‘proq askar yollash va qurol ishlab chiqarishni ko‘paytirish orqali o‘z yo‘qotishlarining o‘rnini qoplashga qodir ekan, Rossiya armiyasi quvvati tugamaguncha Kiyev qancha hududdan voz kechishi kerakligi noma’lumligicha qolmoqda”, — deyiladi xabarda.

Finlyandiyaning Black Bird Group kompaniyasi harbiy eksperti Pasi Paroninenning ta’kidlashicha, so‘nggi ikki oy ichida Rossiya Donbassda 700 kv. metrga yaqin joyni egallab olgan. Bu iyun va iyul oylarida qo‘lga kiritilganidan taxminan uch baravar ko‘p. Ammo Rossiya armiyasi butun Donetsk viloyatini qo‘lga kiritish maqsadiga erishishdan hali juda uzoqda, deb yozdi nashr.

“Ushbu urushni Ugledar yoki boshqa taktik shahar va qishloqlarni front chizig‘ida nazorat qilganlar hal qilmaydi. Gap ruslar Ugledarni qo‘lga olishga urinib duch kelgan yo‘qotishlarining uni himoya qilish chog‘ida ukrainaliklar uchragan yo‘qotishlarga nisbati haqida bormoqda”, — dedi avstriyalik harbiy tahlilchi Frans-Stefan Gadi NYT’ga.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham Ukraina oxir-oqibat Kreml uchun urushni Kiyev bilan bo‘lishidan avvalroq “chidab bo‘lmas holga keltirishga” umid qilishini aytdi. “Har hafta… bizning askarlarimiz bosqinchiga haqiqatda katta zarar yetkazmoqda va bu eng muhimi — dushmanni yo‘q qilish”, — dedi u o‘tgan hafta murojaatlaridan birida.

Biroq NYT Rossiya prezidenti Vladimir Putin iqtisodni urush holatiga keltirgani va urushni to‘xtatishga tayyorlik alomatlarini ko‘rsatmayotganini hisobga olib, bu strategiyaning real ekaniga shubha qilmoqda.

Ukraina bu turdagi jangda o‘ziga xos noqulay ahvolda: unda kamroq odam, texnika va qurol bor. UQKning Kursk viloyatidagi hujumi ham Ukraina resurslarining tugashiga hissa qo‘shdi, deya qo‘shimcha qildi nashr.

Biroq, Gadi va boshqa harbiy ekspertlarning fikricha, Ukraina qo‘shinlari Donbass uchun jangga dosh bera oladi va so‘ng qarshi hujumga o‘tish uchun Rossiya yo‘qotishlari to‘planuvchi effektga ega bo‘lishini kutishga qodir.