Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanida 7-oktabr kuni soat 15:45 da G‘uzor-Qarshi yo‘li bo‘yida joylashgan gaz quyish shoxobchasida portlash sodir bo‘ldi, deb xabar berdi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.
“KamAZ-512” avtomashinasi rezervuariga gazga to‘ldirish vaqtida gaz-havo aralashmasi portlab ketgan. Oqibatda yong‘in sodir bo‘lgan.
Voqea joyiga to‘rt nafar yong‘in-qutqaruv guruhi yetib kelib, soat 16:00 da yong‘inni o‘rab olgan va 16:45 da to‘liq bartaraf etgan.
Yong‘in oqibatida shoxobcha binosining 22 kv. metr maydonda tom qismi yonib zararlangan. FVV ma’lumotlariga ko‘ra, qurbonlar va jabrlanganlar yo‘q.
Yong‘in sabablari va yetkazilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda. Voqea joyiga viloyat va tuman FVBlarning mas’ul xodimlari yetib kelgan.