“O‘zbekko‘mir"ga qarashli ko‘mir koni kengaytirilishi munosabati bilan Toshkent viloyatidagi Chinniobod mahallasida yashovchi fuqarolarga mulklarini boshqa joyga ko‘chirish yoki buzish uchun 60 milliard so‘mdan ortiq kompensatsiya to‘lanadi, deb xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati. Mablag‘lar Respublika kompensatsiya jamg‘armasi hisobidan to‘lanadi.

Birinchi bosqichda 91 nafar mulkdorga jami 13,1 milliard so‘m kompensatsiya to‘lanadi, ikkinchi bosqichda 95 nafar mulkdorga, shu jumladan, 73 nafar turar va 1 nafar noturar joy, shuningdek, 21 nafar bo‘sh yer mulkdoriga 49,2 milliard so‘m to‘lov amalga oshiriladi.

Hokimiyat vakillari barcha mulkdorlar bilan muhokamalar o‘tkazdi, mulkni topshirishga rozilik tilxatlari imzolandi va zarur hujjatlar rasmiylashtirildi, deyiladi xabarda. 77 nafar mulkdor bilan notarial kelishuv bitimlari tuzilib, 18 ta bo‘sh yer uchastkalariga meros huquqi uchun hujjatlar rasmiylashtirildi.

Zoyir Mirzayev (o‘ngda).Zoyir Mirzayev (o‘ngda).

7-oktabr kuni poytaxt viloyati hokimi Zoyir Mirzayev mahallada bo‘lib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi, aholi bilan suhbatlashdi.

Mahalliy aholidan iborat shtab va ishchi komissiya tuzildi. Kompensatsiya to‘lovlarini to‘lash muddatlari va bu boradagi ishlar shaffofligi bo‘yicha kelishib olindi, deya ta’kidladi hokimlik.

2022-yilda “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risidagi"gi qonun qabul qilingandi. Mazkur qonunga muvofiq, yerni foydali qazilmalar konlarini qidirish va qazib olish maqsadida kompensatsiya evaziga olib qo‘yish jamoat ehtiyojlari sifatida e’tirof etiladi.