7-oktabr kuni fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha 2024-yilgi Nobel mukofoti Viktor Ambros (Massachusets universiteti, AQSh) va Gari Ruvkunga (Massachusets bosh shifoxonasi, Garvard tibbiyot maktabi, AQSh) berildi.
Mukofotni topshiruvchi Stokgolmdagi Qirollik Karolinska tibbiy-jarrohlik institutining xabar berishicha, mukofot olimlarga mikroRNKlarni kashf etgani va ularning gen faoliyatini transkripsiyadan keyingi tartibga solishdagi rolini o‘rgangani uchun berildi.
MikroRNKlar — bu ribonuklein kislota molekulalarining maxsus sinfi bo‘lib, ular boshqa molekulalar bilan birga ko‘plab genlarning faolligini aniqlaydi. Ko‘pincha ma’lum bir gen tananing ma’lum hujayralarida faol bo‘lishi mikroRNKlarga bog‘liq.
Eslatib o‘tamiz, tibbiyot va fiziologiya bo‘yicha 2023-yilgi Nobel mukofoti Pensilvaniya universitetidan Dryu Vaysman va Katalin Karikoga berilgandi, ularning ishlari koronavirusga qarshi mRNA vaksinalarini yaratish uchun asos bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, ushbu yo‘nalish mukofot haftaligini ochib berdi. 8-oktabrda fizika, 9-oktabrda kimyo, 10-oktabrda adabiyot bo‘yicha laureatlarning nomi e’lon qilinadi. 11-oktabr kuni tinchlik mukofoti, 14-oktabrda esa Alfred Nobel xotirasiga iqtisod bo‘yicha mukofot topshiriladi.