O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov mamlakatda kichik quvvatli AES qurilayotgani haqidagi savolga javob berib, keyinchalik katta quvvatga ega AES ham qurish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Bu haqda u “Lolazor” podkastida gapirdi.

Podkast ijodkorlaridan biri, moliyachi Otabek Bakirov vazirdan mamlakatda qurilishi kutilayotgan 330 MVtlik (har biri 55 MVt quvvatga ega oltita rektor) kichik quvvatli atom elektrostansiyasi 2030-yildagi O‘zbekiston umumiy energoquvvatining qancha qismini generatsiya qilishi haqida so‘radi.

“Bu quvvatga hech qancha ta’sir qilmaydi. Biz nima uchun dastlab kichik reaktordan boshlamoqchimiz? Kichik reaktor mutaxassislarini tayyorlab, ko‘rib, [keyinchalik] bizga baribir katta reaktor kerak [bo‘ladi]. Sababi, biz 2030-yilgacha qilingan energobalans bo‘yicha 40 foiz qayta tiklanuvchi elektr energiyasi generatsiyasini yo‘lga qo‘ymoqchimiz, 20 gigavattga yetkazamiz. Ob-havodagi keskin o‘zgarishlar haqida bekorga gapirmadim. Quyosh yo‘q, shamol yo‘q bo‘lgan vaqtda bazaviy generatsiya kerak. Bazaviy generatsiya bu IES (gaz, ko‘mir) va GES. Bizning [AES bo‘yicha] maqsadlarimiz keyinroq kattasini qurish”, — dedi vazir savolga javoban.

Uning aytishicha, umumiy ishlab chiqarishda 330 megavattli AESning quvvati qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan olinadigan energiyaning 5 gigavati bilan deyarli teng bo‘ladi. Sababi qayta tiklanuvchi energiya manbalari bir yilda 1800 soat ishlasa, AES kafolatli 8000 soat ishlaydi. O‘rnatilgan quvvatlarning ishlatilish koeffitsiyenti IES va AESlarda eng yuqori, 90 foizdan baland hisoblanadi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalarida bu ko‘rsatkich 20−25 foizni tashkil etadi.

Jo‘rabek Mirzamahmudovning ta’kidlashicha, AES qurilishi hozir loyihalash bosqichida hisoblanadi. AESlarni qurishda MAGATEning tegishli tavsiyasi mavjud bo‘lib, hattoki tanlangan maydonning to‘g‘ri kelishini tekshirish uchun O‘zbekistonda MAGATEning ikkita missiyasi o‘tkazilgan.

“MAGATE maydonni ko‘rdi, talablarga to‘liq javob berishini tasdiqladi, endi keyingi bosqichga o‘tilyapti. Hozir maydon tanlandi. Endi texnik-iqtisodiy asosnoma (TIA) ishlab chiqiladi, narx esa keyin chiqadi”, — dedi u.

O‘zbekiston tomoni buyurtmachi sifatida loyiha qanchaga tushishi kerakligini qaror qabul qilishdan oldin bilishi lozimligi haqidagi savolga vazir quyidagicha javob berdi:

“Dastlabki hisob-kitob qilingan. Loyiha shuning asosida boshlangan. TIA qilinganidan keyin barchasi shundan kelib chiqadi”.

Boshqa mamlakatlardagi AES qurilishi bo‘yicha raqamlar ochiq ekaniga esa vazir quyidagicha munosabat bildirdi:

“Bir narsani to‘g‘ri tushuninglar, Vengriyada boshqa shart, Turkiyada boshqa shart, Belorusda boshqa tizim, Bangladeshda ishlash tizimi boshqa. Birinchidan, AESlarda sovitish tizimi bor. Masalan, Vengriyada Dunay suvini olib, sovitishadi va suv yana Dunayga qaytib tushiriladi. Turkiyada boshqacha, Misrda yana boshqacha”.

Jo‘rabek Mirzamahmudovning ta’kidlashicha, AES qurilishi bo‘yicha raqamlar texnik-iqtisodiy asosnoma ishlab chiqib bo‘linganidan so‘ng ochiqlanadi. U, shuningdek, AES qurilishi qancha vaqt olishi haqidagi savolga ham javob berdi.

“Nima uchun MAGATEni aytdim? Maydonni tanlashda MAGATEning missiyasi keldi. Qurilish jarayonini boshlashdan oldin litsenziyalash jarayoni bor. Ba’zi davlatlarda bu ikki yil vaqt oladi, ba’zilarida bir yil vaqt oladi. Ya’ni har qanday atom elektrostansiyasini qurish tegishli qo‘mitaning litsenziyasini olib, u litsenziyani MAGATE ko‘rib chiqqanidan keyin boshlanadi. Qurilish jarayonining o‘zi 60 oy vaqt oladi. Lekin eng murakkabi bu tayyorgarlik, loyihalash va umuman kelishish jarayonlari hisoblanadi. Masalan IESlarda buni 36 oydan 48 oygacha qilib belgilaymiz, kichik AESniki 60−69 oy”, — dedi u.

Xushnudbek Xudoyberdiyevning 2040-yilda O‘zbekistonda katta AES qurilishi mumkinmi degan savoliga vazir “albatta”, deb javob berdi.

“Biz 2050-yilgacha uglerod neytralligiga erishmoqchimiz, AESsiz buning iloji yo‘q. Amerika o‘z dasturini qayta tikladi. O‘zi dunyodagi eng ko‘p reaktor Amerikada — 99 ta. Yevropa, Koreya, Yaponiya o‘z dasturini qayta boshladi. Butun dunyo qilyapti [buni]”, — dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.

Eslatib o‘tamiz, AES qurilishi bo‘yicha shartnoma Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Toshkentga tashrifi doirasida 27-may kuni AES qurilishi direksiyasi va “Atomstroeksport” kompaniyasi o‘rtasida tuzilgan. Unda Jizzax viloyatidagi Tuzkon ko‘lida Rossiya loyihasi bo‘yicha umumiy quvvati 330 MVt (har biri 55 MVt 6 ta reaktor) bo‘lgan atom elektr stansiyasi qurilishi ko‘zda tutilgan.

Bosh pudratchi “Atomstroeksport” bo‘lib, qurilishga mahalliy kompaniyalar ham jalb etiladi.

O‘zbekistonda qurilajak kam quvvatli atom elektr stansiyasi loyihasi Rossiyaning eng so‘nggi ishlanmasi — RITM-200N nomli suv bilan sovitiladigan yadro reaktoriga asoslangan bo‘lib, u kemalarda foydalanish uchun mo‘ljallangan texnologiyani quruqlikda foydalanishga moslashtirish natijasida kashf etilgan.