Prezident 4-oktabr kuni aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish sohasidagi davlat siyosati samaradorligini oshirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Hujjatda ta’kidlanishicha, sentabr oyida qabul qilingan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi zimmasiga yuklatilgan.

Qaror bilan Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tugatilib, uning vazifa va funksiyalari Bandlik vazirligi tasarrufiga o‘tkazildi.

“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida Bandlik vazirligi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

  • mehnat bozori, band va ishsiz aholini tarkibiy tahlil qilish, ishsizlarni manzilli aniqlash va ularning hisobini yuritish;
  • aholi bandligini ta’minlash dasturlarini shakllantirish, bo‘sh ish o‘rinlari hisobini yuritish va ishsizlarni ish bilan ta’minlash;
  • kasbiy standartlarni ishlab chiqish, kasb-hunar va chet tillariga o‘qitish, malakasini baholash;
  • munosib mehnat sharoitlarini yaratish, mehnat standartlariga rioya etilishini o‘rganish, mehnat huquqini ta’minlash va mehnatni muhofaza qilish.

Aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish orqali kambag‘allikni kamaytirish maqsadida Bandlik vazirligiga:

  • uch oy muddatda ijobiy natijalar ko‘rsatgan “100 ta eng samarali mikroloyiha” katalogini tuzish va uni hokim yordamchilari orqali respublikaning barcha hududlarida ommalashtirish choralarini ko‘rish;
  • 2025-yil 1-dekabrga qadar 50 ta tumanda, 2026-yilda qolgan tumanlarda 50−100 gektardan ijara asosida ajratilgan qishloq xo‘jaligi yerlarida sanoatlashgan plantatsiya, bog‘ va uzumzorlar tashkil etish;
  • 2025-yil 1-dekabrga qadar ijara asosida yer maydonlari ajratilgan tumanlarda kamida 40 gektar maydonda “bir kontur — bir mahsulot” tamoyili bo‘yicha yuqori daromadli va eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha namunaviy loyihalarni amalga oshirish;
  • 2026-yil 1-avgustga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda kamida ikkitadan ko‘p qavatli kompleks sanoat markazlarini qurish va tadbirkorlarni joylashtirish loyihalarini amalga oshirish;
  • 2025-yil 1-dekabrga qadar sanoat kirib bormagan mahallalarda 1000 ta, 2026-yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va kichik ishlab chiqarish bo‘yicha 2000 ta loyihani ishga tushirish;
  • har yili bevosita mahallalarda kamida 500 ta hunarmandchilik va kasanachilik loyihalarini amalga oshirish va kengaytirish chora-tadbirlarini ko‘rish;
  • 2025-yil 1-dekabrga qadar salohiyatli tadbirkorlar, eksportchi va brokerlar bilan birgalikda 2000 ta mahallada, 2026-yil oxiriga qadar respublikaning qolgan mahallalarida yetakchi tadbirkorlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
  • har yili 50 ming nafar o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarni bosqichma-bosqich kichik biznes subyektlariga aylantirish choralarini ko‘rish topshirildi.

Shuningdek, vazirlikka 2025-yil 1-yanvardan boshlab “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga o‘qitish markazlari negizida kasbiy ko‘nikmalar markazlarini tashkil etish va ularda ish beruvchilar talablariga moslashuvchan tezkor kurslarni tashkil etish topshirildi. 2025-yil 1-maydan boshlab xalqaro tan olingan ta’lim dasturlarini joriy etish nazarda tutilmoqda. Bitiruvchilarga xorijda tan olinadigan sertifikatlar beriladi.

Bundan tashqari, 2026-yil 1-iyulga qadar xorijda tan olinadigan malaka sertifikatlarini berishni tashkil etadigan Kasbiy malakani baholovchi markaz tashkil etiladi.

Shu hujjatda 2025-yil 1-martdan boshlab Davlat mehnat inspeksiyasi mehnat huquqlari buzilishi va boshqa masalalar bo‘yicha kameral nazoratni amalga oshirishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qurilayotgan obyektlarda ishchilar sonining loyiha-smeta hujjatlari hamda pudrat ishlari hajmiga muvofiqligi yuzasidan nazorat tadbirlari o‘tkazishga ruxsat etiladi.

Bandlik vazirligiga 2025-yil 1-aprelga qadar Milliy vakansiyalar bazasida mamlakatda mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, talab yuqori bo‘lgan kasblar va mutaxassislarni aniqlash, taklif etilayotgan ish haqi, malaka talablari, mehnat sharoitlari va ish vaqti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan platformani ishga tushirish topshirildi.