Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-oktabr kuni amaliy tashrif bilan Moskva shahriga jo‘nab ketdi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Rossiya hozirda MDHda raislik qilmoqda. Mazkur sammitda raislik Tojikistonga o‘tkaziladi.
MDH Ijroiya qo‘mitasiga ko‘ra, 8-oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan sammitda Hamdo‘stlik doirasidagi hamkorlik, 1941−1945-yillardagi urushdagi G‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan MDH mamlakatlari xalqlariga va jahon jamoatchiligiga murojaat, MDH Parlamentlararo assambleyasining integratsion hamkorlikni mustahkamlash borasidagi faoliyati va boshqa masalalar muhokama qilinadi.
Davlat rahbarlari kelgusi uch yil uchun Hamdo‘stlikning madaniy poytaxtlarini belgilash to‘g‘risidagi qarorlarni imzolaydi, huquqiy sohadagi hamkorlik va xavfsizlikni ta’minlash masalalariga oid bir qator hujjatlarga o‘zgartishlar kiritadi.