Qozog‘iston Markaziy komissiyasi AES qurish bo‘yicha respublika referendumida ovoz berishning dastlabki natijalarini e’lon qildi.

аэс, referendum, қозоғистон

Ma’lumotlarga ko‘ra, referendumda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan Qozog‘iston Respublikasi fuqarolarining umumiy soni 12 million 284 ming 487 kishini tashkil etdi.

Ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolar soni 7 million 820 ming 204 kishini yoki referendumda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarning 63,66 foizini tashkil etdi.

Referendumga qo‘yilgan masalaning ijobiy hal etilishi uchun ovoz bergan (“Ha” javobini tanlagan) fuqarolar soni 5 million 561 ming 937 kishini yoki 71,12 foizni tashkil etdi.

Qozog‘istonda AES qurish bo‘yicha munozaralar bir necha yildan beri davom etib kelmoqda. 2023-yil sentabrida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev bu masalani referendumga qo‘yishni taklif qilgan edi. Qurilish uchun joy sifatida Olmaota viloyatining Balxash ko‘li qirg‘og‘idagi Ulken qishlog‘i tanlandi va shu yerda ilk ommaviy muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

Iyun oyi oxirida Toqayev joriy yilning kuzida AES qurish bo‘yicha referendum o‘tkazilishini ma’lum qilgan edi. Aniq sanani mamlakat hukumati belgilaydi.

Kursiv.uz`ning qayd etishicha, Ostonadagi eshituvlar Olmaotadagidan ko‘ra “xotirjamroq” o‘tgan, poytaxtda muhokamalar ishtirokchilar o‘rtasidagi mushtlashuv bilan yakunlangandi. Ostonadagi eshituvchilar, xususan, AES qurilishi elektr energiyasi narxiga qanday ta’sir qilishi va stansiyada favqulodda vaziyat yuzaga kelgan taqdirda kim javobgar bo‘lishini so‘radi.

Hozirgi vaqtda Qozog‘iston to‘rtta yetkazib beruvchining katta quvvatli reaktor texnologiyasini ko‘rib chiqmoqda — bular Fransiya, Xitoy, Rossiya va Janubiy Koreya texnologiyalari. Qozog‘istonda AES qurilishi loyihasi xalqaro investorlar tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Kursiv.uz nashrining yozishicha, respublika Energetika vazirligida dastlab 2,4 GVtli atom stansiyasining ehtimoliy qiymati 10 mlrd dollar va qurilish muddati 10 yil deb aytilgan, biroq keyinchalik ekspertlar, xususan, “Qozog‘iston atom elektr stansiyalari” (QAES, “Samruk-Kazini”ning shu’ba korxonasi) vakillari asta-sekin uni 15 mlrd dollargacha oshirgan.