Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 1-oktabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari sentabr oyida 1,98 milliard dollarga oshgan holda 41,14 milliard dollarni (+5 foiz) tashkil etmoqda. Bu 2013-yildan beri yuritiladigan statistik ma’lumotlarning butun davri uchun navbatdagi rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.
Markaziy bank zaxiralari ketma-ket uchinchi oy o‘sib bormoqda: iyulda 1,06 milliard dollarga, avgustda 1,75 milliard dollarga, sentabrda esa 1,98 milliard dollarga oshgan.
Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan oyda xorijiy valyuta zaxiralari 518,3 million dollarga oshgan — 8,19 milliarddan 8,71 milliard dollargacha (iyun-iyul oylarida oltin sotib olish hisobiga 1,58 milliard dollarga kamaygan).
Biroq yil boshidan (yanvar-sentabr) valyuta zaxiralari 659,9 million dollarga, shu jumladan, mamlakat tomonidan 2019-yilda chiqarilgan 500 million dollarlik suveren yevroobligatsiyalar bo‘yicha qarzni to‘lash hisobiga kamaygan.
Zaxiralardagi oltinning fizik hajmi yana 20 ming troya unsiyasiga (622 kg) biroz pasaydi — 12,02 million troya unsiyasiga (373,9 tonna).
Shunga qaramay, oltin zahiralari qiymati 1,46 milliard dollarga oshib, 30,4 milliard dollardan rekord darajadagi 31,86 milliard dollarga yetdi. Sababi — sentabr oyida oltin kotirovkalari unsiyasi uchun 2502,8 dan 2647,1 dollarga oshdi (+5,7 foiz).
Umuman olganda, yil boshidan buyon MBning oltindagi zaxiralari qiymati 29,3 foizga yoki 7,23 milliard dollarga o‘sdi.
Ta’kidlash joizki, MB zahiralarida amalda davlat budjetining bir qismiga aylangan O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (O‘TTJ) mablag‘larini ham ko‘rsatadi. Uning hajmlari oshkor etilmagan. S&P Global Ratings xalqaro reyting agentligi avvalroq “fond aktivlari asosan pul yoki to‘lov ehtiyojlari uchun emas, balki fiskal uchun mo‘ljallangan”i sababli O‘TTJ aktivlarini MB zahiralaridan chiqarib tashlashi haqida xabar bergan edi.
Taxminlarga ko‘ra, oltin narxining kutilayotgan pasayishi va joriy hisobdagi taqchillik davom etayotgani sababli O‘zbekistonning mavjud valyuta zaxiralari 2027-yilgacha qisqaradi. MBning monetar oltin zaxiralari umumiy oltin-valyuta zaxiralari hajmining 80 foizdan ortig‘ini tashkil etadi. MB O‘zbekistonda qazib olingan oltinni sotib olishda ustuvor huquqqa ega. U o‘z intervensiyasining o‘zbek so‘miga ta’sirini qoplash uchun oltinni milliy valyutada sotib oladi, so‘ngra mahalliy bozorda dollarga sotadi.