O‘zbekistonda 7−11-oktabr kunlari quruq, yog‘ingarchiliksiz mavsum uchun nisbatan issiqroq ob-havo kutiladi. Hafta boshida antitsiklonning janubi-g‘arbiy chekkasi asta-sekin past bosimli ob-havo sharoitiga (quyidagi xaritada ko‘rsatilganidek) o‘rin “bo‘shatadi” hamda kunduzgi va kechki vaqt uchun issiqroq (“komfort”) iqlimiy muhitni taqdim etadi.

10-oktabrdan boshlab shimol hududlarga, 11-oktabrdan O‘zbekistonning katta qismiga Volgabo‘yi orqali shimoli-g‘arbiy sovuq havo frontoldi shamollar orqali asta-sekin ta’sir eta boshlaydi. Shimolda 11-oktabrdan, boshqa joylarda esa dam olish kunlari beqaror, yog‘ingarchiliklar fonida sovuqroq kuz havosi kuzatilishi mumkin.

Manba: meteoinfo.ruManba: meteoinfo.ru

“O‘zgidromet” prognozlariga ko‘ra, hafta davomida havo harorati asta ko‘tarilib boradi. 8−9-oktabr kunlari kunduzi aksariyat viloyatlarda harorat maksimumlari +30 darajaga chiqadi, 11-oktabr kuni janubda +32 darajagacha ko‘tariladi. Bu davrda tog‘larda ham kunduzi havo harorati +20 darajagacha yuqorilaydi. Faqat 10−11-oktabr kunlari shimoliy hududlarda havo harorati kunduzgi vaqtda +22…+25 darajagacha salqinlashishi mumkin.

Hududlarda tungi va tonggi harorat kunduzgisiga nisbatan keskin farq qiladi. Xususan, ish kunlari harorat tunda +7…+12 daraja (janubiy viloyatlarda +14 darajagacha) iliqni tashkil etsa, tog‘larda +5 daraja iliqqacha pasayadi.

Dam olish kunlarida yomg‘irli, haroratning sezilarli pasayishi bilan bog‘liq haqiqiy kuz ob-havosi kutilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy va Buxoro viloyatlari hamda ba’zi tog‘li hududlar va tog‘ etaklarida mavsum uchun ilk “sovuq urishi” hodisalari (tuproq sirti va havo haroratining nol daraja va undan biroz pasayishi) kuzatilishi mumkin. G‘arbdan sharqqa tomon asta harakatlanuvchi bulutlardan vaqti-vaqti bilan yomg‘ir (tog‘larda qor) yog‘ishi kutilmoqda.

Manba: WindyManba: Windy

Nam havo oqimlari kirib kelishi vaqtida cho‘llarda va janubiy viloyatlarda kuchli shamollar va chang-to‘zon hodisalari kuzatilishi mumkin. Bu, asosan, 10−11-oktabr kunlariga to‘g‘ri keladi.

Harorat rejimi va tez o‘zgaruvchan ob-havo muhitining inson salomatligiga ta’siri

9-oktabrdan boshlab havo haroratining ko‘tarilishi kislorod yetishmovchiligini keltirib chiqaradi. Ammo bu safargi kislorod kamayishi ham ko‘pchilik salomatligiga ta’sir etadigan darajada xavfli omil emas. Shunga qaramay, 9−11-oktabr kunlari kunduzgi vaqtda havodagi kislorodning biroz kamayishi, atmosfera bosimining pasayishi surunkali kislorod yetishmovchiligi, arterial giporteniya, yurakning ishemik xastaligi, nafas olish o‘pka kasalliklari bo‘lgan bemorlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, bosh og‘rig‘i, umumiy lanjlik keltirib chiqarishi mumkin.

Tavsiyalar. Sanab o‘tilgan xastaliklarga moyil aholi qatlami shifokor bilan maslahatlashib, nafas olish mashqlarini bajarishi, nisbatan sovuq suv muolajalarini qabul qilishi, yurak-qon tomir faoliyatini rostlovchi dori-darmonlarni iste’mol qilishi tavsiya etiladi. Kunduzi nisbatan salqin joylarda yurish, kuchli zo‘riqish, aqliy mehnatni kuchaytirish tavsiya etilmaydi.

Atmosfera bosimining keskin o‘zgarishi ta’siri

10-oktabr kuni shimoliy hududlarga, 11-oktabrdan mamlakatning katta qismiga frontoldi shamollari bilan shimoli-g‘arbiy sovuq havo oqimlari kirib kelishi prognoz qilinmoqda. Bu davrda ayrim hududlarda davomli shamollar atmosfera bosimining keskin o‘zgarishini keltirib chiqarib, qon bosimi bilan kasallangan bemorlar salomatligiga ta’sir qilishi mumkin. Qisqa vaqt ichida atmosfera bosimining 7 mm simob ustunidan yuqori qiymatda o‘zgarishi ko‘pchilikning organizmida, 4−5 mm simob ustuniga o‘zgarishi esa qon bosimi bilan bog‘liq surunkali kasalliklarga chalingan bemorlarga sezila boshlaydi.

10−11-oktabr kunlari frontoldi shamollar atmosfera bosimini qisqa muddatda 3−5 mm simob ustuni qiymatida o‘zgartirishi kutilmoqda. Bu davr meditsinada “barik tubsizlik” atamasi bilan izohlanadi. Uning eng ko‘p uchraydigan alomatlar — bosh aylanishi, bosh og‘rig‘i, fotofobiya, havo yetishmasligi, ko‘ngil aynishi va qon bosimining ko‘tarilishi yoki pasayishi. Bunday kunlarda miya qon oqimining buzilishi, gipertoniya, yurak xurujlari xavfi ortishi mumkin.

Tavsiyalar. “Barik tubsizlik” holatida oqilona ish va dam olish rejimiga rioya qilish, stressli va ortiqcha jismoniy faoliyatdan qochish, uyqu rejimiga rioya qilish tavsiya etiladi. Qahva, choy va shakarli ichimliklardan ko‘ra toza gazsiz suvni ko‘proq ichish, umuman, ko‘proq suyuqlik iste’mol qilish muhim.

Serotonin gormoni yetishmasligi

Dam olish kunlari ko‘plab hududlarda kuzatiladigan bulutli ob-havo sabab odamlarda serotonin gormoni yetishasligi mumkin. Bu holat bo‘yicha avvalgi sharhda tavsiyalar berilgan edi.

Bioiqlimiy sharoitlar

Kuzda havo haroratining kun davomida o‘zgarib turishi odamlarni kiyim tanlash masalasida ikkilantirib qo‘yadi. Joriy haftaning ish kunlari O‘zbekistonning aksariyat qismida kunduzi “komfort” va faqat ba’zi vaqtlarda “diskomfort” bioiqlimiy sharoit ustuvor bo‘ladi. Kechki mahal va tunda yengil kiyinganlar uchun vaziyat birdan sovuqroq muhitga o‘zgaradi. Bunda tashqi muhit kunduzgi yengilroq kiyimdan qalinroq kiyimga o‘tishga undaydi.

Dam olish kunlari, ayniqsa, yakshanba kuni qalinroq kiyinish va soyabon olib yurish zarar qilmaydi.

Kosmik ta’sirlar

So‘nggi ikki sutka (6−7-oktabr kunlari)da Quyosh fotosferasida M va X sinfga mansub kuchli chaqnashlar kuzatilmadi. Shundan kelib chiqib, bu hafta ish kunlari sayyorada kuchli magnit bo‘roni bilan bog‘liq xavf yuzaga kelmasligini prognoz qilish mumkin. Zamonaviy magnit bo‘ronini prognozlash modellari ham 8−11-oktabr kunlari uchun sokin prognozlarni ulashmoqda.

Dushanba (7-oktabr)dagi “qizil” xavf darajasidagi 5−6 balli magnit bo‘roni qo‘zg‘alishlari esa 3-oktabr kuni Quyoshda so‘nggi 25 yilda kuzatilgan eng kuchli X9.05 sinfli chaqnashdan ajralib chiqqan plazma chekkasining Quyosh shamollari orqali Yer magnitosferasiga urilish oqibatidir.

Manba: Xras.ruManba: Xras.ru

Ob-havo o‘zgarishlari bilan bog‘liq atmosfera ifloslanishi

O‘zbekistonning ko‘plab hududlarida kuz-qish mavsumidagi tabiiy iqlim muhiti atmosfera havosida mayda dispers zarrachalar miqdorining ortishiga sabab bo‘ladi. Bu katta shaharlarda ko‘proq antitsiklon jarayonlarning ortishi va qishki tinch ob-havo sharoiti bilan izohlanadi.

Shu kabi tabiiy omillardan keli chiqib prognoz qilinsa, hafta boshidagi dastlabki ikki kunda tongda, quyosh chiqqanidan so‘ng ko‘plab hududlarda havoda mayda RM2.5 dispers zarrachalari miqdori ko‘payishi mumkin. Ammo bu inson salomatligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavf tug‘dirish darajasida bo‘lmaydi. Masalan, ochiq havoda telefon ekraniga chang o‘rnashishi yoki allergiyaga moyil insonlarda aksirish yuz berishi mumkin. Kunduzi va tunda esa, aksincha, vaziyat yaxshilanib, havoning dispers zarrachalari bilan bog‘liq sifati “yashil” darajaga qaytadi.

10−11-oktabr kunlari cho‘llarda va janubiy viloyatlarda frontoldi shamollar chang to‘zonlarini keltirib chiqarishi va havoda aynan chang omili hisobiga kuchli ifloslanish ortib ketishini ham oldindan taxmin qilish mumkin. Bunday paytda Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi aholining turli yosh qatlami hamda bemorlar uchun tegishli tavsiyalarni bergan.

Umuman, joriy hafta ish kunlari orasida 8−10-oktabr sanalari iqlimiy nuqtai nazardan eng qulaylari bo‘ladi. 11-oktabr kuni esa qon bosimi bilan og‘rigan aksariyat o‘zbekistonliklar o‘zlarini ehtiyot qilishlari tavsiya etiladi.