Toshkent aeroportida 7-oktabr kuni “Dubay — Toshkent” reysi bilan uchib kelgan ayolning tobi qochgan. Ayolning yaqinlari “Gazeta.uz"ga bergan ma’lumotga ko‘ra, u shu kuni vafot etgan.

Uzbekistan Airports kompaniyasi axborotiga ko‘ra, 7-oktabr kuni 17:34 da Toshkent xalqaro aeroporti tibbiyot punktiga uchib kelish zalidagi yo‘lovchilardan biri — 1986-yilda tug‘ilgan ayol o‘zini yomon his qilayotgani haqida xabar kelib tushgan.

“Yo‘lovchi bosh og‘rig‘i va o‘zini yomon his qilayotganidan shikoyat qilgan… Soat 18:32 da „tez yordam“ mashinasi yo‘lovchini Toshkent aeroportining uchib kelish zalidan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib ketgan”, — deyiladi kompaniya axborotida.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, “tibbiy reanimatsion muolajalarga qaramasdan, ayolda biologik o‘lim holati qayd etilgan”. Marhumaning vafotini qayd etish hujjatida uning o‘limi soat 18:55 da yuz bergani ko‘rsatilgan.

“Jiyanim S.X. Namangan shahrida yashardi, bir o‘g‘li bor. U savdogarlik bilan shug‘ullanib, Dubaydan mahsulot olib kelib sotardi. 2 kun oldin ham Dubayga mahsulot uchun ketgan edi. 7-oktabrda Toshkentga qaytgach, aeroportdan oila a’zolariga videoxabar jo‘natgan va o‘g‘liga olgan narsalarni ham ko‘rsatgan”, — deydi marhumaning “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatlashgan qarindoshi.

“Videoda uning soppa-sog‘ ekanligini ko‘rish mumkin. Uydagilari uni kecha rosa kutdi, ammo u uyga kelmagan. Keyinroq jiyanim Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga tushib qolgani haqida eshitdik. Yaqinlari shifoxonaga borsa, morgga olib ketilganini aytishibdi”, — dedi u.

Marhumaning aeroportda bo‘lgan tanishlariga tayanib aytishlaricha, ayol samolyotdan tushganida tetik bo‘lgan, lekin aeroportning kutish zalida tobi qochgan.

“Biz u yerda bo‘lmaganmiz va ichkarida nimalar bo‘lganini bilmaymiz. Kameralardagi videoyozuvlarni ko‘rsak, balki hammasi ma’lum bo‘lar. Shikoforlarning aytishicha, qarindoshim kecha soat 22:00 larda morgga olib borilgan ekan. Bu haqda yaqinlariga xabar berilmagan, tanishlar orqali ertalab azonda xabar topdik”, — deydi marhumaning qarindoshi.

“Turkiya yo Dubayga borgan o‘zbek ayollari haqida ko‘pchilik yomon fikrda bo‘ladi. Lekin qarindoshim yaxshi va halol ayol edi. Oilasini halol mehnati bilan boqardi”, — deya qo‘shimcha qildi u.