Qozog‘istonda AES qurilishi beshtagacha davlatni o‘z ichiga olgan konsorsium tomonidan amalga oshiriladi, deb yozdi Zakon.kz mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari Roman Sklyar so‘zlariga tayanib.
“AES birgina inshoot emas, u konstruktiv qismida turli mamlakatlar yetakchilik qiladigan bir qancha obyektlardan iborat. Shu sababli loyihalash jarayonida turli mamlakatlardan eng yaxshi texnologiyalarni olish vazifasi turibdi. Shunga ko‘ra, ushbu stansiya qurilishi bo‘yicha turli kompaniyalar — subpudratchilar ishtirok etadi. Bunday jahon tajribasi allaqachon mavjud”, — dedi Sklyar (bu va keyingi iqtiboslar Zakon.kz'dan).
Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, “yadro orolini” bir davlat, turbinani boshqa davlat, tarqatish qurilmalarini esa uchinchi davlat qilishi mumkin.
“Ammo bularning barchasi birgalikda yaxshi samara beradi. Biz qaysidir bitta yetkazib beruvchiga, bitta pudratchiga yopishib olmay, amaliyot ko‘rsatganidek, ancha samarali ishlaydigan konsorsium yaratishimiz kerak”, — deb tushuntirdi Sklyar.
Uning qayd etishicha, loyihani ishlab chiqish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan siyosiy xavflar hukumat tomonidan ko‘rib chiqiladi. “Agar shunday holatlar yuzaga kelsa, unda turli kompaniyalar, turli mamlakatlar bilan tuzilgan shartnomalarda sanksiyalar bandi deb ataladigan narsa nazarda tutiladi”, — ta’kidladi Sklyar.
Konsorsiumga kim a’zo bo‘lishi kelasi yil aniq bo‘ladi, deya qo‘shimcha qildi bosh vazir o‘rinbosari. Unga ko‘ra, texnik-iqtisodiy asosni tayyorlash uchun bir yil, loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash uchun esa 1,5 yil vaqt ketadi.
“Bu eng qisqa muddat. Keyin qurilish boshlanadi. Mas’uliyat juda katta, chunki AES xavfsizligi birinchi o‘rinda turadi. Albatta, mamlakatimizda ishlayotgan IES va har qanday obyekt ham xavfsiz bo‘lishi kerak. Ammo AESda xavfsizlik alohida ustuvor ahamiyatga ega. Qaysi kompaniyalar qaysi mamlakatlardan bo‘ladi, biz hali bu savolga javobni bilmaymiz”, — dedi Sklyar.
6-oktabr kuni Qozog‘istonda AES masalasi bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tdi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, atom stansiyasi qurilishini saylovchilarning 70 foizdan ortig‘i (5,6 million kishi) qo‘llab-quvvatlagan.