O‘zbekistonda firibgarlik holatlarining oldini olish uchun onlayn kredit ajratilishiga doir vaqtinchalik tartib joriy etiladi. Bu haqda Markaziy bank xabar qildi.

Endilikda fuqarolar kredit tashkilotining mobil ilovasi orqali kredit ajratish bo‘yicha ariza yuborish jarayonida biometrik identifikatsiyadan o‘tishi talab etiladi.

Ushbu talabning o‘rnatilishi kredit olish bo‘yicha ariza fuqaroning shaxsan o‘zi tomonidan berilganligini aniqlash va uning shaxsiga yana bir bor oydinlik kiritish imkonini beradi.

Vaqtinchalik tartibga ko‘ra, kredit tashkilotlari fuqaro kredit olish uchun ariza yuborganidan keyin uning kredit byurolari ma’lumotlar bazasidagi kredit tarixini 2 bosqichda (ariza tushgandan so‘ng hamda kredit mablag‘lari ajratilishidan oldin) tekshirishdan (skoring) o‘tkazadi. Tekshiruv natijasida mijozning salbiy kredit tarixi yoki qarz yuki keskin oshgani aniqlansa, qisqa davr ichida bir nechta kredit rasmiylashtirilgan va qarz yuki keskin oshgan bo‘lsa, kredit ajratish rad etilishi yoki boshqa summada ajratilishi to‘g‘risida xabar beriladi.

Ta’kidlanishicha, bu firibgarlar aldoviga uchgan fuqarolar nomiga bir nechta kredit tashkilotidan kredit mablag‘lari ajratilishining oldini oladi.

Bundan tashqari, fuqaro kredit tashkiloti mobil ilovasidan yangi ro‘yxatdan o‘tib yoki mavjud akkauntga boshqa qurilmadan kirib, birinchi marta onlayn kredit olganda, mazkur kredit ajratilganidan boshlab 48 soat davomida kredit hisobidan ayrim operatsiyalarga (P2P, chet elga pul o‘tkazmalari, onlayn valyuta ayirboshlash va boshqalar) cheklovlar o‘rnatilishi belgilanmoqda.

Mazkur cheklovlarni yechish uchun mijoz 48 soat ichida kredit tashkiloti tomonidan yuborilgan SMS-xabarda qayd etilgan telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib, kreditni firibgarlar ta’sirisiz olganligini ma’lum qiladi, kredit tashkiloti xodimi esa mijozga qayta bog‘lanib, berilgan ma’lumotlar to‘g‘riligini tekshirib, qo‘shimcha tasdiqdan o‘tkazadi.

Yuqorida qayd etilgan cheklovlar ajratilgan kredit mablag‘larini fuqaro o‘z ixtiyoriga ko‘ra naqdlashtirishiga yoki tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish kabi operatsiyalariga ta’sir ko‘rsatmaydi va bu operatsiyalar hech bir cheklovlarsiz amalga oshirilishi mumkin.

Kredit mablag‘lari fuqaroning bank kartasiga o‘tkazilgandan keyin pul mablag‘lari sarflanmagan bo‘lsa, 48 soat ichida kredit olishga ariza mijoz tomonidan firibgarlar ta’sirida berilgani aniqlansa yoki mijoz qo‘shimcha tasdiqdan o‘tishni amalga oshirmasa, kredit shartnomasi kredit tashkiloti tomonidan bekor qilinadi va ajratilgan pul mablag‘lari kredit tashkiloti hisobiga qaytariladi.

Mazkur tartib 2024-yilning 1-noyabridan 2025-yilning 1-apreliga qadar amal qiladi.

Regulyatorning ma’lum qilishicha, 2024-yilning o‘tgan davri mobaynida firibgarlik yo‘li bilan fuqarolar nomiga onlayn kredit ajratish orqali 463 ta holatda qariyb 15 mlrd so‘m miqdorda moddiy zarar yetkazilgan.