O‘zbekiston Jinoyat kodeksi qasddan badanga yengil shikast yetkazish (sog‘liqni 6 kundan ortiq, lekin 21 kundan ortiq bo‘lmagan qisqa muddatga buzish yoki “oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik” moddasida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmaganda, mehnat qobiliyatini biroz yo‘qotish) bilan bog‘liq jinoyatlar doirasini kengaytiruvchi norma bilan to‘ldirildi. Tuzatishlar 7-oktabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolandi. Mazkur qonunni 7-mayda Qonunchilik palatasi deputatlari qabul qilgan, 10-iyulda senatorlar ma’qullagan.

Jinoyat kodeksining 109-moddasiga ko‘ra, qasddan badanga yengil shikast yetkazish: a) diniy taassublar tufayli; b) bir guruh shaxslar yoki uyushgan guruh a’zosi tomonidan yoxud shu guruh manfaatlarini ko‘zlab; yoki v) qurol yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ishlatganlik uchun endilikda 1 yildan 2 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yildan 2 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan.

Boshqa holatlar bo‘yicha qasddan badanga yengil shikast yetkazish jazosi avvalgidek qoladi — bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

Shu bilan birga, sog‘liqning qisqa muddatli buzilishiga yoki mehnat qobiliyatining bir oz turg‘un yo‘qotilishiga olib kelmaydigan qasddan badanga yengil shikast yetkazish bilan bog‘liq qilmish, xuddi shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa (u bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravarigacha miqdorda jarima yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 1 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi) dekriminallashtirildi.

Endilikda “Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik” moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjud bo‘lmaganda, ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan, sog‘lig‘ining qisqa muddatli buzilishiga yoki mehnat qobiliyatining bir oz turg‘un yo‘qolishiga olib kelmagan holda qasddan badanga yengil shikast yetkazganlik uchun BHMning 5 baravaridan 25 baravarigacha miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq nazarda tutilgan. Bu haqda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 52-moddasiga qo‘shimcha kiritildi.

Shuningdek, qonun bilan yarashuv institutiga kiruvchi ma’muriy huquqbuzarliklar doirasi biroz kengaytirildi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 21−1-moddasi 1-qismiga ko‘ra, endilikda kodeksning 61-moddasi (Oz miqdorda talon-toroj qilish) va 12−1-moddasi (Transport vositalarining ichki jihozlariga shikast yetkazish) 1- va 2-qismlari bo‘yicha huquqbuzarliklar sodir etilganda ham yarashuvga erishish mumkin. Buning uchun ayblanuvchi aybiga iqror bo‘lishi, jabrlanuvchi bilan yarashishi va unga yetkazilgan zararni qoplashi kerak.

Qonunda qayd etilishicha, o‘zgartirishlar “aholining tinch va farovon hayotini ta’minlash” va “mamlakatdagi kriminogen vaziyatni yaxshilashga” xizmat qiladi.