Isroil mudofaa kuchlari (SAXAL) Livanning g‘arbiy janubida “Hizbulloh"ga qarshi “cheklangan, lokallashtirilgan” quruqlikdagi operatsiya boshlanganini e’lon qildi, deb xabar bermoqda BBC News.
SAXALning guruhga qarshi quruqlikdagi operatsiyalari 30-sentabrda boshlangan, biroq asosan Livan-Isroil chegarasining sharqiy qismiga qaratilgandi.
Shuningdek, Isroil harbiylari Livan janubidagi jangovar harakatlarda ilk bor SAXALning zaxiradagi divizioni ishtirok etganini aytdi. U quruqlikdagi hujumda ishtirok etuvchi boshqa uchta bo‘linmaga qo‘shilgan.
“Hizbulloh” so‘nggi 24 soat ichida Isroil artilleriyasining Dishon va Daltondagi pozitsiyalariga, shuningdek, Livan chegarasi yaqinida joylashgan Isroil shimolidagi Yiron kibutsida “dushman kuchlarining konsentratsiyasi"ga raketa zarbalari berganini bildirdi. Umumiy hisobda, SAXAL ma’lumotlariga ko‘ra, 7-oktabr tunida guruh Isroil hududiga 190 ta raketa otgan.
Isroil 23-sentabr kuni peyjerlar va ratsiyalarda sodir bo‘lgan qator portlashlardan so‘ng, Isroil tomoni “Hizbulloh"ning nishonlari deb da’vo qilayotgan hududlarga katta zarbalar berishni boshlagandi. 27-sentabr kuni “Hizbulloh” yetakchisi Hasan Nasrulloh Isroilning Bayrutga bergan havo hujumida halok bo‘lgan.
Livan hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi uch hafta ichida Livanda allaqachon 1400 dan ortiq odam halok bo‘lgan. Mamlakatning 1,2 million aholisi uylarini tark etishga majbur bo‘lgan, ulardan 400 mingga yaqini (shu jumladan, 300 mingga yaqin Suriya fuqarolari) Suriyaga qochib ketgan.
Isroil rasmiylarining aytishicha, SAXALning Livandagi operatsiyasidan maqsad ““Hizbulloh"ning terrorchilik infratuzilmasi va imkoniyatlarini buzish” hamda mamlakat shimolidagi Isroil fuqarolariga tahdidlarni bartaraf etish hisoblanadi.
sentabr oxirida Isroil AQSh, Buyuk Britaniya, BAA va boshqa ittifoqchilarning Yaqin Sharqda masshtabliroq urushning oldini olish uchun “Hizbulloh” bilan uch haftalik sulh taklifini rad etgandi.