“Gazeta.uz”ga ma’lum bo‘lishicha, Saneg (Sanoat Energetika Guruhi) neft-gaz kompaniyasi O‘zbekistondagi atom energetikasi loyihalarida ishtirok etish imkoniyatini o‘rganmoqda.

Saneg yanvar oyi oxirida Saneg Atom’ga asos solgani haqidagi ma’lumot bir kun avval ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ldi. Kompaniyaning asosiy faoliyat turi “boshqa elektr stansiyalari tomonidan elektr energiyasi ishlab chiqarish” deb ko‘rsatilgan.

saneg, saneg atom

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registriga ko‘ra, yangi kompaniya rahbari Elxon Aliyev hisoblanadi. “Gazeta.uz” manbasiga ko‘ra, u Saneg, Enter Engineering, Eriell, Gazli Gas Storage kompaniyalari benefitsiari (“Gazli” gaz omborini boshqaradi) tadbirkor Baxtiyor Fozilovning yordamchisi, Silk Road Samarkand sayyohlik majmuasi asoschilaridan biri.

Shuningdek, Fozilov qishloq xo‘jaligi, aviatsiya, bank ishi, qurilish, dam olish, logistika terminallari, tog‘-kon sanoati, neft va gaz, qayta tiklanadigan energiya manbalari, po‘lat ishlab chiqarish va boshqa sohalarda ishbilarmonlik manfaatlariga ega.

“Gazeta.uz” kompaniyaning O‘zbekistonda kichik atom elektr stansiyasini qurish loyihasida ishtirok etishi rejalashtirilayotganini bilish uchun Saneg kompaniyasi matbuot xizmati bilan bog‘landi.

“Shu’ba korxona guruhimizning biznesni diversifikatsiya qilish va istiqbolli yo‘nalishlarni rivojlantirishga qaratilgan uzoq muddatli strategiyasining bir qismi sifatida tashkil etilgan. Biroq, ushbu bosqichda kompaniya faol faoliyat ko‘rsatmayapti va O‘zbekiston atom sanoatida hali aniq loyihalarni amalga oshirmayapti”, — deyiladi kompaniya xabarida.

Hozirda “bu yo‘nalishda ishtirok etish imkoniyatlarini muhokama qilish maqsadida O‘zbekistonda atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha mavjud vaziyat tahlil qilinmoqda”.

Eslatib o‘tamiz, AES qurilishi bo‘yicha shartnoma Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Toshkentga tashrifi doirasida 27-may kuni AES qurilishi direksiyasi va “Atomstroeksport” kompaniyasi o‘rtasida tuzilgan. Unda Jizzax viloyatidagi Tuzkon ko‘lida Rossiya loyihasi bo‘yicha umumiy quvvati 330 MVt (har biri 55 MVt 6 ta reaktor) bo‘lgan atom elektr stansiyasi qurilishi ko‘zda tutilgan.

Bosh pudratchi “Atomstroeksport” bo‘lib, qurilishga mahalliy kompaniyalar ham jalb etiladi.

O‘zbekistonda qurilajak kam quvvatli atom elektr stansiyasi loyihasi Rossiyaning eng so‘nggi ishlanmasi — RITM-200N nomli suv bilan sovitiladigan yadro reaktoriga asoslangan bo‘lib, u kemalarda foydalanish uchun mo‘ljallangan texnologiyani quruqlikda foydalanishga moslashtirish natijasida kashf etilgan.