Energetika vazirligida quyosh panellari bo‘yicha murojaatlarni qabul qilish uchun mo‘ljallangan telefon raqamlari soni oshirildi. Bu haqda vazirlik xabar qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Energetika vaziri qabulxonasidagi +99871−231−14−41 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, bog‘lana olmagan fuqarolarning e’tirozi tarqaldi. Energetika vazirligi axborot xizmati bunga 7-oktabrning ikkinchi qismidan boshlab, 8-oktabr soat 20:30 ga qadar vazirlik qabulxonasiga jami 1232 ta qo‘ng‘iroq bo‘lganini, qabulxonada bir kishi telefonga javob bergani sababli ularning ko‘p qismini qabul qilish imkoni bo‘lmaganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 1232 ta qo‘ng‘iroqdan 131 tasiga qabulxona xodimlari hamda vazirlik axborot xizmati tomonidan qabul qilinib, javob berilgan. Bitta qo‘ng‘iroqqa o‘rtacha 3 daqiqadan 6 daqiqagacha vaqt sarflangan. Mazkur vaqt oralig‘ida qabulxonaga yana 4−8 ta atrofida qo‘ng‘iroq bo‘lib turgan. Qabulxonada bir kishi telefonga javob berganligi sababli ularni qabul qilishning imkoni bo‘lmagan.
“Ikki kun mobaynida Toshkent shahrining Sergeli, Yashnobod, Yunusobod hamda Bektemir tumanlari, Sirdaryo viloyatining Boyovut, Surxondaryo viloyatining Bandixon, Farg‘ona viloyatining Buvayda, Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanlaridagi bir qator tadbirkorlar elektr energiyasiga qayta ulandi. Suhbat davomida ularga huquqi tushuntirilib, kelgusida faoliyatlarida yana qandaydir to‘sqinlikka uchrashsa, Energetika vazirligining axborot xizmati hamda Ijro nazorati va murojaatlar bo‘limiga murojaat qilishlari so‘raldi”, — deyiladi xabarda.
Vazirlik 9-oktabrdan boshlab murojaatlar +99871−231−16−61 (ichki 7046, 7037 va 7057) raqamlari orqali ham qabul qilinishini bildirdi. “Barcha ma’lumotlarni maksimal darajada qabul qilib, ijobiy yechimini ta’minlashga harakat qilamiz”, — deyiladi xabarda.