Siyosat
“O‘zbekiston temir yo‘llari” bosh muhandisi Husnutdin Xosilov lavozimidan ozod etildi
Dekabr oyidan beri “O‘zbekiston temir yo‘llari” bosh muhandisi lavozimida ishlab kelgan Husnutdin Xosilov o‘z arizasiga binoan ishdan ketdi. U o‘tgan yili kompaniya raisi lavozimida ishlagan vaqtida tizimda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani ortidan ishdan olingandi.
O‘zbekistonda Rahbar kadrlarni baholash markazi tashkil etildi
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi huzurida Rahbar kadrlarni baholash markazi tashkil etildi. U davlat xizmatchilarining shaxsiy va professional diagnostikasi, ularning kasbiy bilim darajasini aniqlash maqsadida test sinovlari va psixologik so‘rovlar o‘tkazish bilan shug‘ullanadi.
Toshkentning bosh rejasi loyihasi: kamida 7,5 mln aholiga mo‘ljallangan megapolis
Toshkent shahrining 2045-yilgacha bosh rejasi loyihasiga ko‘ra, hudud 3 ta zonaga bo‘linadi: konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya. Ekologik muammolar, “15 daqiqalik shahar” tamoyili hamda Toshkent viloyati tumanlarini poytaxt bilan yagona aglomeratsiya sifatida rivojlantirish hisobga olingan.
Iqtisodiyot
“O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lganda 2−3 yillik o‘tish davri bo‘ladi” — Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari
Yirik korxonalar uchun imtiyozlarni bekor qilish oqibatlarini yumshatish uchun O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lganda 2−3 yil oralig‘ida o‘tish davri oladi, dedi Soliq qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari Mubin Mirzayev. U, shuningdek, JSTga a’zo bo‘lishning afzalliklarini qayd etdi.
Sentabrda qishloq xo‘jaligi va sanoatda biznes muhiti yaxshilandi, qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalarida iqtisodiy faollik pasaydi
ITIM so‘rovnomasiga ko‘ra, sentabr oyida qishloq xo‘jaligi va sanoatda biznes muhiti sezilarli darajada yaxshilandi, qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalarida iqtisodiy faollik pasayishi kuzatildi. Kompaniyalarning umidlari biroz pasaydi, eng sezilarli optimizm pasayishi qurilish va xizmatlarda ro‘y berdi.
OTB O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida elektr uzatish liniyasi qurilishi uchun 15 mln dollar grant ajratadi
Tojikiston mamlakat energetika tizimini Markaziy Osiyo yagona energetika tizimiga qayta ulash va O‘zbekistonga yangi elektr uzatish liniyasini qurish loyihasi uchun OTBdan 15 mln dollar oladi.
Jamiyat
Qashqadaryoda cho‘llanishga qarshi “Selxona tashkil etish” loyihasi bajarilmoqda (foto)
Qashqadaryoda o‘simlik dunyosini yaxshilash va tuproq yemirilish eroziyasini oldini olish maqsadida “Selxona tashkil etish” grant loyihasi amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra, Qamashi tumanidagi lalmi yer maydonlarda tabiiy qor va yomg‘irlardan hosil bo‘ladigan suvlar bir joyga jamg‘ariladi.
Maktab ta’limi vazirligi o‘qituvchilarning ish haqi kechikishi sabablarini tushuntirdi
O‘qituvchilarning ish haqi kechiktirilgani haqida xabarlar tarqaldi. MMTV axborot tizimida texnik muammolar bo‘lganini aytdi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi 9-oktabr tongiga qadar o‘qituvchilarning 95 foiziga oylik tushganini ma’lum qildi. Qonunchilikda ish haqi kechikkani uchun kompensatsiya nazarda tutilgan.
Buxoroda o‘quvchilar vafot etgan YTHda aybdor deb topilgan avtobus haydovchisi 9 yilga qamaldi
Kogon tumanida teatrga ketayotgan o‘quvchilar bo‘lgan avtobus yuk mashinasi bilan to‘qnashishi ortidan 2 nafar o‘quvchi vafot etgandi. Avtobus haydovchisiga sud hukmi o‘qilib, 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Marburg virusini oldini olish maqsadida chegaradagi sanitariya nazorat punktlari hushyorligi oshirildi — SES
Sanepidqo‘mita O‘zbekistonda marburg virusi isitmasini oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rilayotgani va “jiddiy xavotirga o‘rin yo‘q"ligini bildirdi. Chegaralardagi sanitariya nazorat punktlarining hushyorligi oshirildi, gumonlanganlarni o‘z vaqtida aniqlab, izolyatorlarga alohidalash belgilandi.
Davlat oliygohlari hududida bog‘chalar tashkil etishga ruxsat berildi
Prezident farmoni bilan davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘zlariga doimiy foydalanish huquqi asosida tegishli bo‘lgan bo‘sh yer uchastkalarida davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini tashkil etishga ruxsat berildi.
Toshkentda temiryo‘l xodimi poyezd bosib ketishi oqibatida halok bo‘ldi
Yangihayot tumanidagi temiryo‘l hududida 36 yoshli erkak poyezd bosib ketishi oqibatida halok bo‘ldi. U temiryo‘lda konduktor lavozimida ishlagan.
Energetika vazirligi quyosh panellari bo‘yicha murojaatlarni qabul qiluvchi telefon raqamlarini ko‘paytirdi
Energetika vazirligi quyosh panellari o‘rnatishga majburlovga uchragan tadbirkorlar uchun mo‘ljallangan telefon raqamlari sonini ko‘paytirdi. Avval e’lon qilingan raqamga 1 sutkadan ko‘proq vaqtda 1232 ta qo‘ng‘iroq bo‘lgan.
Madaniyat
“Vazir sifatida ijodkorlarni mutlaq erkin qo‘yish tarafdori emasman” — Ozodbek Nazarbekov
Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov intervyuda ijodkorlarni mutlaq erkin qo‘yish tarafdori emasligini aytdi. “Har bir ijodkor ma’naviy qurol. U kimningdir maqsadi yo‘lida xizmat qilmasligi kerak. Ayni damda tartib va cheklovlar hech kimning huquqini poymol qilmasligi shart”, — dedi vazir.
Jahon
Kimyo bo‘yicha Nobel oqsillar sohasida izlanishlar qilgan olimlarga berildi
Devid Beyker, Demis Xassabis va Jon Jumper 2024-yilgi kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari bo‘ldi. Olimlarga mukofot sun’iy intellektdan foydalanib, oqsillar tuzilishini aniqlagani va yangi turlarini yaratishdagi ishlari uchun taqdim qilindi.
Floridada to‘fon tufayli millionlab aholini evakuatsiya qilish buyurildi
AQShning Florida shtati hukumati “Milton” to‘foni xavfi tufayli 5,5 milliondan ortiq odamni evakuatsiya qilishga chaqirdi. Evakuatsiya shtat tarixidagi eng yiriklaridan biri bo‘ldi.
Bizni o‘qiyotganingiz uchun rahmat!