5-oktabr kuni Toshkent shaxrida O‘zbekiston Etnosport assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan anjuman bo‘lib o‘tdi, konferensiyada amalga oshirilgan ishlar natijalari sarhisob qilinib, mamlakatda etnosportni rivojlantirish strategik yo‘nalishlari tasdiqlandi. Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonda hamda xalqaro maydonda an’anaviy-milliy sport turlarini ommalashtirish borasidagi yutuq va rejalar muhokama qilindi.
“O‘zbekistonda etnosport sezilarli darajada o‘sishi kuzatilmoqda, Xivada bo‘lib o‘tgan birinchi xalqaro festivalimizning muvaffaqiyati buning dalilidir. An’anaviy sport turlari nafaqat mamlakat ichida, balki jahon sahnasida ham e’tibor jalb qilayotganini ko‘rishdan faxrlanamiz. Nafaqat madaniy merosimizni asrab-avaylash, balki uni yosh avlod orasida ommalashtirish, ularda tarix va an’analarga hurmatni singdirish muhim ahamiyatga yega. Ishonchim komilki, biz birgalikda etnosportning xalqaro hamjamiyatdagi mavqeini mustahkamlab, rivojlantirishda davom etamiz”, – dedi O‘zbekiston Etnosport assotsiatsiyasi raisi, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori Oybek Norinbayev nutqida.
Anjuman davomida assotsiatsiyaning yangi tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi. Rivojlanishning keyingi yo‘nalishlari va vazifalari ham muhokama qilindi, xususan:
- havaskor va professional etnosportni rivojlantirish;
- unutilgan xalq o‘yinlarini tiklash;
- xalqaro, shu jumladan, Jahon etnosport konfederatsiyasi bilan aloqalarni mustahkamlash;
- O‘zbekistonda navbatdagi xalqaro etnosport festivaliga tayyorgarlik ko‘rish va xalqaro musobaqalarni tashkil etish;
- kamondan otish va ot sportini rivojlantirish;
- halqaro va milliy musobaqalar uchun sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish.
Anjumanda O‘zbekistonda etnosportni rivojlantirish doirasida salmoqli natijalarga erishilayotgani qayd etildi. Xususan, 2023tyilda Xivada ilk bor Halqaro etnosport festivali tashkil etilib, unda 63 mamlakat ishtirokchilari, jumladan, YUNESKO va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etgani, 2000 dan ortiq sportchi qatnashgani xalqaro maydonda etnosportga qiziqish ortib borayotganidan dalolat beradi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan 5-Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, unda terma jamoa turli yo‘nalishlarda yuqori natijalarni namoyish etdi. Shuningdek, assotsiatsiya Istanbulda bo‘lib o‘tgan etnosport festivalida ham faol ishtirok etdi, u yerda yangi hamkorlik aloqalari o‘rnatilib, xalqaro aloqalar yanada mustahkamlandi.
Konferensiya doirasida bir qancha federatsiya va uyushmalar bilan muhim memorandumlar imzolandi. Xususan:
- O‘zbekiston Belbog‘li kurash federatsiyasi;
- O‘zbekiston Turon jang san’ati federatsiyasi;
- O‘zbekiston Jang san’ati federatsiyasi;
- Bel olish va uchkurash assotsiatsiyasi;
- O‘zbekiston Mas-restling federatsiyasi;
- O‘zbekiston Baxodirlar o‘yinlari va tosh ko‘tarish federatsiyasi.
Shuningdek, anjuman davomida O‘zbekiston Etnosport assotsiatsiyasi raisiga “Tosh ko‘tarish sportini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” va “O‘zbek jang san’ati rivojiga qo‘shgan hissasi uchun” minnatdorchilik yorliqlari topshirildi.
Assotsiatsiya O‘zbekiston hamda boshqa mamlakatlarda etnosportni ommalashtirish bo‘yicha samarali ishlarini davom ettirib kelmoqda.
Reklama xuquqlari asosida.