O‘zbekistonda marburg virusi isitmasini oldini olish va uning ehtiyot choralarini kuchaytirish maqsadida chora-tadbirlar ko‘rilmoqda, deya xabar qildi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati.
29-sentabr kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Afrika qit’asidagi Ruanda davlatida Marburg gemorragik isitmasi qayd etilganini ma’lum qilgan. 28-sentabr holatiga Ruandaning 30 ta okrugining yettitasida jami 26 ta tasdiqlangan holat ro‘yxatga olingan va shundan 6 ta holatda o‘lim qayd etilgan.
JSST ushbu epidemiya xavfini milliy darajada juda yuqori, mintaqaviy darajada yuqori va butun dunyo darajasida past deb baholamoqda.
SESning bildirishicha, O‘zbekistonda bu kasallik bo‘yicha “jiddiy xavotirga o‘rin yo‘q”. Davlat chegarasini kesib o‘tish joylarida faoliyat yuritayotgan sanitariya nazorat punktlarining (SNP) hushyorligi oshirilgan.
Xususan, marburg isitmasi bilan kasallanishni oldini olish maqsadida kasallikka gumon qilinganlarni o‘z vaqtida aniqlab, izolyatorlarga alohidalash belgilangan. Shuningdek:
- gumon qilingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan tibbiyot xodimlari tomonidan standart ehtiyot choralarini ko‘rish, qo‘shimcha ravishda infeksiyani yuqtirishini oldini olishga qaratilgan shaxsiy himoya vositalaridan to‘liq foydalanish;
- gumon qilingan bemorlarning qoniga tegmaslik, bemor ajratgan tana suyuqliklari, shuningdek ular bilan ifloslangan yuzalar bilan muloqotda bo‘lmaslik;
- kasallikning etiologiyasi, klinikasi, laborator tashxisi va kasallikni oldini olish va profilaktikasi bo‘yicha tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish;
- kasallikni nazorat qilishda xavfsiz in’eksiya usullarini qo‘llash, shaxsiy himoya vositalaridan to‘g‘ri foydalanish, qayta ishlatilayotgan tibbiy asboblarni zararsizlantirish va chiqindilarini xavfsiz yo‘q qilish.
Bundan tashqari, infeksiya bo‘yicha aholini xabardorligini oshirish maqsadida ular orasida tushuntirish va targ‘ibot ishlarini amalga oshirish kabi choralari tizimli ravishda amalga oshirilmoqda, deyiladi xabarda.
Marburg virusi (Marburg Marburgvirus, MARV) — filoviruslar turiga kiradi. Filoviruslarning (lotincha. filum — tola) bunday atalishiga sabab, ularga mikroskop ostida qaralsa, ular tola ko‘rinishiga o‘xshash shaklga ega ekanligini ko‘rish mumkin. Filoviruslar oilasining eng mashhur vakili — bu Ebola. Demak, Marburg virusini Ebola virusining qarindoshi deyish mumkin. MARVʼning bir-biridan genetik jihatdan va ta’sir qilish darajasiga ko‘ra farq qiluvchi bir nechta turi mavjud.
Marburg virusi qachon va qanday paydo bo‘lgani, qanday yo‘l bilan yuqishi mumkinligi, qanchalik xavfliligi, shuningdek, unga qarshi dori vositalar yoki vaksina haqida bu yerda o‘qish mumkin.