Florida (AQSh) hukumati “Milton” to‘foni yaqinlashayotgani sababli shtatning 5,5 milliondan ortiq aholisini uylarini tark etishga va evakuatsiya qilishga chaqirdi. Bu shtat tarixidagi eng yirik evakuatsiyalardan biri, deb yozdi New York Times.
“Agar siz ketmoqchi bo‘lsangiz, hoziroq keting”, — dedi Florida gubernatori Ron Desantis. Uning so‘zlariga ko‘ra, to‘fon oqibatlarini bartaraf etishga AQSh Milliy gvardiyasining 8 mingga yaqin a’zosi jalb etiladi.
Evakuatsiya 7-oktabr kuni boshlandi va bu shtat yo‘llarida tirbandlikka sabab bo‘ldi. Taxminlarga ko‘ra, bugun Tampa ko‘rfazi qirg‘og‘i birinchi bo‘lib 100 yildan ko‘proq vaqt ichida birinchi marta falokatga duch keladi. 3,5 million kishi istiqomat qiladigan Tampa, Sent-Pitersberg va Kliruoter shaharlari xavf ostida.
Floridaning jami 28 okrugi to‘fondan ogohlantirish ostida.
Shtat bo‘ylab kollej va universitet kampuslari yopildi, bir qancha shahar va tumanlarda komendantlik soati joriy etildi. Floridaning sayyohlik joylari, jumladan Walt Disney World tematik bog‘lari ham yopilishini e’lon qildi. Ba’zi aholi punktlari evakuatsiya buyrug‘idan keyin “arvoh shaharlar"ga aylandi, deb ta’kidlamoqda CNN.
“Milton” AQSh Milliy to‘fonlar markazi (NHC) tomonidan 5-toifa sifatida baholandi. Bu toifadagi bo‘ronlar “halokatli” deb hisoblanadi, unda shamol tezligi 249 km/soatga yetadi va “juda jiddiy va keng ko‘lamli zarar” keltiradi, deya aniqlik kiritdi BBC. Floridaga va undan yuzlab reyslar bekor qilindi.
AQSh prezidenti Jo Bayden ham floridaliklarni “hoziroq evakuatsiya qilishga” chaqirib, buni “hayot-mamot masalasi” deb atadi. U “to‘fonga tayyorgarlikni nazorat qilish uchun” Germaniya va Angolaga safarlarini qoldirdi.
“Milton” yaqinlashishiga bir necha hafta qolganida AQShning janubi-sharqida, jumladan, Florida shtatida “Helen” to‘foni sodir bo‘ldi va 200 dan ortiq odamni halok qildi.