Toshkentda avgust oyida to‘rtinchi bor MOCFEST xalqaro yoshlar san’at va ijod festivali o‘tkazilgan edi. Tadbir tashkilotchisi hisoblangan moc ijodiy tashkiloti bu safar festival formatini o‘zgartirishga qaror qildi. Ilgari loyiha “festivallar festivali” sifatida taqdim etilib, turli yo‘nalishdagi tadbirlar turkumidan, xususan, “Momaqaldiroq” musiqa festivali, WeCosmos multimedia san’ati festivali, Cinema Love kinofestivali, Stand-Up Dvizh komediya festivalidan iborat edi. Tadbirlar uzoq bo‘lardi: birinchi MOCFEST 10 kun, keyingilari esa ikki oydan ziyod davom etgan.

Mastura Hamro asariMastura Hamro asari

Yangilangan ko‘rinishdagi festival “san'atning barcha turlarini” birlashtirgan “yagona multimedia tadbiri” sifatida taqdim etildi. U “ijodkorlik ruhini ulug‘lash, dadil tajribalarga ilhomlantirish va yangi iste’dodlarni kashf etish” maqsadida keng joyda — “Humo Arena” sport-ko‘ngilochar majmuasida uyushtirildi. Musiqa, texnologiya va tasviriy san’at aralashgan quyun MOCFEST’ning ramziga aylandi.

Aziza Po‘latova asariAziza Po‘latova asari

moc ijrochi prodyuseri va rassom Aziza Po‘latovaning so‘zlariga ko‘ra, tashkilotchilarda yo‘nalishlarni teng hajmda taqdim etish maqsadi bo‘lmagan. Biroq aynan mutanosiblik asosiy masalaga aylandi.

“Festivallar festivali” g‘oyasi har bir yo‘nalishga alohida e’tibor qaratish imkonini bergan bo‘lsa, “yagona tadbir” formatida e’tibor notekis taqsimlandi. Mahalliy va xorijiy san’atkorlarning ikkita sahnada bo‘lib o‘tgan konsertlari diqqat markazida bo‘ldi. “Toshkentning tasviriy san’at olamiga yangilik olib kirayotgan ilg‘or rassomlari” ko‘rgazmasi sport majmuasi yo‘lagiga joylashtirildi. Mohiyatan u festivalning musiqiy qismi uchun oddiy fon vazifasini o‘tadi, shu bilan birga, achinarli darajada xira namoyish etildi. MOCFEST dasturidagi ko‘rgazma to‘satdan yo‘qolib qolgan taqdirda ham, buni hech kim payqamagan bo‘lardi.

Festivalda san’atning bu qadar sust namoyish etilishi — tadbirni uyushtirishdagi muammolar oqibatidir. Belgilangan muddatlarning norealigi — ana shu muammolardan biri. Ko‘rgazmaning badiiy rahbarlari ixtiyorida namoyishlarni tayyorlash uchun atigi uch hafta muhlat bor edi, xolos. Men suhbatlashgan rassomlarning aytishicha, ekspozitsiyalarni festivalning ochilishi kuni o‘rnatishgan. Suhbatdoshlarim ko‘rgazmaga katta umid ham bog‘lamagan — ularni o‘z san’atlarini namoyish qilishdan ko‘ra, tadbirni va ijodiy hamjamiyatdagi o‘z do‘stlarini qo‘llab-quvvatlash istagi olg‘a undagan.

Idris asariIdris asari

Festivalning badiiy qismida taniqli konseptualist rassom Aleksandr Barkovskiy, rassomlar Laziza To‘laganova, Nigina Mirzajanova, Mohira Mullajanova, Aziza Po‘latova, Idris, Doniyor va Sharifa Sharafxo‘jayevlar, illyustrator Mastura Hamro qatnashdi.

Ishlarni tanlashda hech qanday mezon yo‘q edi — mualliflar ko‘rgazmaga tayyor va erkin namoyish etish mumkin bo‘lgan rasmlari, haykallari, installyatsiyalarini taqdim etgan.

Nigina Mirzajanova asarlariNigina Mirzajanova asarlari

Mohira Mullajanovaning Gyote instituti ko‘magida yaratilgan “Katta rahmat” profeministik loyihasi asosida Leypsig (Germaniya) shahridagi yirik Spinnerrei ip yigirish fabrikasidagi ayollarning mehnat sharoitlarini o‘rganishga qaratilgan tadqiqotlar yotadi. Rassom bu loyiha ustida LIA (Leypsig xalqaro san’at dasturi) ishtirokchisi bo‘lgan vaqtida ishlagan. Mohira o‘zining ushbu anatomik ishlarida g‘o‘za ko‘saklari, o‘simlik urug‘larini tahlil qilib, ular bilan xotin-qizlarning reproduktiv tizimi o‘rtasidagi vizual o‘xshashlikni ko‘rsatishga urinadi.

Mohira Mullajanova asari.Mohira Mullajanova asari.

Yangicha pictusculptura (rassomlik va haykaltaroshlik sintezi) yo‘nalishida ishlaydigan er-xotin Doniyor va Sharifa Sharafxo‘jayevlar “Ayol jinsi” installyatsiyasida gender tengsizligi va avlodlararo jarohatlar mavzulariga murojaat qilgan. Ulardan biri — o‘rganib qolingan zaiflik va ichki bo‘shliq bo‘lib, bu ayolning o‘z hayotini boshqarish va undagi biror narsani o‘zgartirishga qodir emasligi bilan bog‘liq xurofiy tushunchasidan kelib chiqadi.

Doniyor va Sharifa Sharafxo‘jayevlar asari.Doniyor va Sharifa Sharafxo‘jayevlar asari.

“Bizning jamiyatimizda ruhan emas, jismonan yalang‘och bo‘lish osonroq; orzular, umidlar, qo‘rquvlar va intilishlarni emas, tanani bo‘lishish osonroq, chunki ular tanadan ko‘ra shaxsiyroq hisoblanadi. Ularni baham ko‘rsak, himoyasiz qolamiz. Ayollarga ularning xohish-istaklari va his-tuyg‘ulari hech qanday ahamiyatga ega emasligi uqtirilgani sababli, ular bulardan voz kechishadi — toshga aylanib, hissizlikda yashash xavfsizroq”, — deydi mualliflar.

Nigina Mirzajanova asarlari.Nigina Mirzajanova asarlari.

Nigina Mirzajanova o‘z asarlarida his-tuyg‘ularga murojaat qiladi. U insonning o‘zi bilan yolg‘iz qolgan holatlarini Matiss uslubida tasvirlaydi. Laziza To‘laganova ham xuddi shu mavzu yo‘nalishida, lekin boshqacha — qizil — ranglar palitrasida ishlaydi. Uning qahramonlarini o‘zligiga eng ko‘p g‘arq bo‘lgan paytlari — kitob o‘qiyotgan, soch tarayotgan holda uchratasiz.

Nigina Mirzajanova asarlari.Nigina Mirzajanova asarlari.

Aleksandr Barkovskiy “Milliy o‘zlikni yo‘qotish xavfi” loyihasida an’anaviy do‘ppini balaklavaga (shlem ostidan kiyiladigan ro‘molsifat bosh kiyim) aylantirib, zamonaviy gibrid urushlar va o‘tmish chegaralari o‘chib borayotgan sharoitda uni birinchi bo‘lib kim — hujum qilayotganlarmi, mudofaada turganlarmi yo har ikkala tomonmi — birinchi bo‘lib kiyadi, deb savol qo‘yadi.

“Hozirgi zamonda har qanday holatda, hatto “milliy manfaatlar"ni himoya qilayotgan bo‘lsangiz ham, o‘z qiyofangizni, o‘zligingizni yashirganingiz ma’qul: hozirda milliy o‘zlik ham, shaxsiy o‘zlik singari, butunlay soxtalikdan iborat; yagona xolis haqiqat esa, aftidan, Shveysariya banklarining seyflarida qolgan, xolos”, — deb yozadi tanqidchi Aleksey Ulko loyihaga izoh berar ekan.

Aleksandr Barkovskiyning asarlariAleksandr Barkovskiyning asarlari

Festivalning musiqiy va vizual jihatlari Aziza Po‘latovaning ijodida uyg‘unlashgan. U mix, ip, sim va faner bo‘laklaridan Jon Lennon, Jimi Hendriks, Kurt Kobeyn, Chester Bennington, Maykl Jekson kabi dunyoga mashhur musiqachilar portretlarini “chizgan”. Bunday ko‘rinishdagi bitta asarni tayyorlash uchun ikki oydan olti oygacha vaqt ketadi.

ko‘rgazma, mocfest, san’at

Aziza Po‘latovaning asari.

“Mening nazarimda, san’at tasvirlanayotgan narsaning „to‘g‘riligi“ va „ilmiyligi“ bilan emas, balki uning qay darajada qunt, sabr-toqat, vaqt, asab va istak bilan tayyorlanganligi, yaxshiroq qilishga intilish orqali belgilanadi. Men uchun suratlar (boshqa har qanday san’at asarlari kabi) — nimadir oxiriga yetkazilgandagi mukammallik va ichki g‘alaba ramzidir”, — deydi rassom.

Ko‘rgazmada namoyish etilgan barcha asarlar alohida holida qiziqish uyg‘otsa-da, yaxlit bir ohangga uyg‘unlashmaydi. Konsepsiyaning yo‘qligi ko‘rgazmani faqat san’at asarlari va ularning mualliflari bilan nofaol tanishuvni taklif etadigan harakatsiz obyektga aylantirib qo‘ygan.

“Ko‘rgazma o‘tkazish uchun o‘tkazilgan ko‘rgazma” yondashuvi yechimdek ko‘ringan boshqa — kengroq va simptomatik — muammo esa homiylarning yo‘qligi bilan bog‘liq. Festival boshlanishidan oldin moc ijodiy tashkilotining ijrochi prodyuseri Odil Muhamedov “Gazeta.uz"ga san’at loyihalarini moliyalashtirish naqadar qiyinligi haqida so‘zlab bergan edi. Uning so‘zlarini Aziza Po‘latova ham deyarli takrorladi.

“Yangi ishlarni tayyorlash bo‘yicha g‘oyalar ko‘p edi; biz jalb qilmoqchi bo‘lgan rassomlar ham ko‘p edi. Turli hamkorlarga taklif qildik, lekin afsuski, [moliyaviy] yordam ololmadik. Musiqachilar o‘z xarajatlarini qisman bo‘lsa-da qoplaydi, chunki ularni tinglash uchun odamlar keladi. Ko‘rgazma esa o‘zini hech qanaqasiga oqlolmaydi, shuning uchun bunga mablag‘ ajratish qiyin. Aslida, nimaiki qilgan bo‘lsak, hammasini o‘z hisobimizdan qildik”, — deydi rassom.

ko‘rgazma, mocfest, san’at

Aleksandr Barkovskiyning loyihasi.

MOCFESTʼda yuzaga kelgan vaziyat juda murakkab. San’atga rasmiy yondashish bilan uning yuzaga chiqishiga, potensial homiylar va tomoshabinlarda unga nisbatan qiziqish yoki unda ishtirok etish istagini uyg‘otishga erishib bo‘lmaydi. Davlat va xususiy ko‘rgazma zallari hamda galereyalaridagi bunday munosabat nomaqbul; ayniqsa, “mintaqadagi barcha ijodiy salohiyatni” jamlash maqsadida tashkil etilgan ulkan loyihalar uchun bu yo‘l qo‘yib bo‘lmas holatdir.

Katta miqyosga da’vo qilinganda, mavjud kuch va imkoniyatlarni hisobga olish muhim, toki shundoq ham cheklangan resurslar behuda sarflanmasin. Moliyalashtirishning yo‘qligi o‘rtamiyona loyihalarning paydo bo‘lishiga olib kelmasligi kerak, ayniqsa muammoga ommaviy bayonot uchun sabab, material sifatida yondashish, art-sohadagi ahvolga e’tiborni jalb qilish imkonini beradigan san’atda. Bo‘sh koridor va “Bu yerda toshkentlik rassomlarning ko‘rgazmasi bo‘lishi mumkin edi, lekin biz homiy topa olmadik” deb yozilgan banner shoshma-shosharlik bilan tashkil etilgan va yorug‘lik yetishmaydigan ekspozitsiyadan ko‘ra ijodiy festival ruhiga ko‘proq mos keladi va hamjamiyatning ijodiy salohiyati haqida xabar beradi.