O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov “Yangi O‘zbekiston” gazetasiga intervyu berdi. Intervyu davomida vazir san’atkorlarga beriladigan litsenziya haqida gapirib o‘tgan.
Nazarbekovning qayd etishicha, taxminan 7−8 yil avval san’atkorlar yiliga 20−30 milliongacha boj to‘lardi. Bugun o‘sha birinchi kategoriyadagi san’atkorlar yiliga 6 million davlat boji to‘laydi. “Ya’ni san’atkorlardan soliq undirish uchun litsenziya joriy qilingan. Bu jihat ham doim bahslarga sabab bo‘lib kelyapti”, — deydi u.
“Ijodkorlar daromadini nazorat qilish, ochiq, shaffof tarzda soliq to‘lash tizimi haqida ish olib boryapmiz. Soliq qo‘mitasi bilan hamkorlikda adolatli mexanizm ishlab chiqishni maqsad qilganmiz. Chunki Toshkent shahridagi butun yurtga, kerak bo‘lsa, xorijdagi muxlislarga ega san’atkor bilan olis tumandagi ijodkor birdek soliq to‘lashi adolat mezoniga doim ham mos kelmaydi. Shu bois, ijodkorlar uchun soliq turini joriy etish masalasi eng og‘riqli nutqa”, — dedi vazir.
Madaniyat vazirining ta’kidlashicha, litsenziyalarni olish, bekor qilish masalasi, asosan, o‘sha davrda san’atkorlarning odob-axloqiga bog‘liq holda ko‘rib chiqilgan. “Ochig‘i, avval litsenziyani olish, berish ijodkorlarni boshqarishning o‘ziga xos usuli bo‘lgan. Hozir litsenziyani bekor qilishni sud qarori bilan amalga oshirish nazarda tutilmoqda. Buning uchun Adliya vazirligi muayyan talablarni ishlab chiqqan”, — deya qayd etdi u.
“Vazir sifatida ijodkorlarni mutlaq erkin qo‘yish tarafdori emasman. Chunki har bir ijodkor ma’naviy qurol. U kimningdir maqsadi yo‘lida xizmat qilmasligi kerak. Ayni damda tartib va cheklovlar hech kimning huquqini poymol qilmasligi shart. Kelgusida buning ham aniq, sog‘lom mexanizmlarini ishlab chiqishimiz zarur. Ayrim hollarda axloqiy normalar buzilyapti deb chora ko‘rsak, jamoatchilik uni senzura, tazyiq o‘tkazish deb qabul qilyapti. Shu bois,oltin o‘rtaliqni topib, yechim sifatida qaror qabul qilishimiz lozim”, — dedi Ozodbek Nazarbekov.
Avvalroq madaniyat vaziri “Maqom”, “Baxshichilik”, “Sharq taronalari” kabi festivallarning ahamiyatiga to‘xtalib, inson madaniyatiga tahdid bostirib kelayotganini aytgandi. “Bu muammoga qarshi kurashish bitta ko‘chani asfalt qilgandan muhimroq. Festivallar inson kelajagini asrab qolishda muhim”, — degandi Ozodbek Nazarbekov.
Shuningdek, vazir “Ovoz” teleloyihasi uchun davlat budjetidan ajratilgan salkam 2 mlrd so‘m haqida fikr bildirib, loyiha O‘zbekiston imijiga xizmat qilayotganini aytgandi. “Agar hadeb malomat qilaversalaringiz, shu pulni oxiri uyimni sotib bo‘lsa ham beraman”, — dedi u.