2024-yilning uchinchi choragida O‘zbekiston aeroportlari asosiy ko‘rsatkichlar — yo‘lovchi tashish, xizmat ko‘rsatilayotgan reyslar soni va yuk tashish hajmi bo‘yicha uchdan birdan ko‘proqqa oshdi, deb xabar berdi Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Xususan, yilning 9 oyida mamlakat xalqaro aeroportlari tomonidan 82 637 ta reysga xizmat ko‘rsatildi, shundan 24 914 tasi ichki yo‘nalishlarda, 57 723 tasi esa xalqaro yo‘nalishlarda amalga oshirildi. O‘tgan yilga nisbatan o‘sish 36 foizni tashkil etdi. Havo reyslarining umumiy sonining 53 942 tasi rezident aviakompaniyalar tomonidan, 28 695 tasi esa norezident aviakompaniyalar tomonidan amalga oshirildi.

aeroportlar, uzbekistan airports

Yanvardan sentabrgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston aeroportlari 9 893 947 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi. Jumladan, ichki reyslarda 1 871 659 nafar, xalqaro reyslarda 8 022 288 nafar yo‘lovchi. 2023-yilning shu davriga nisbatan o‘sish 33 foizni tashkil etdi.

Uchinchi chorakda 62 067 tonna yuk va pochta ham jo‘natildi, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlardan 21 foizga ko‘p.