Osiyo taraqqiyot banki Tojikistonga mamlakat elektr tarmoqlarini O‘zbekiston bilan o‘zaro aloqa tarmog‘i orqali Markaziy Osiyo yagona energetika tizimiga qayta ulash loyihasini kengaytirish uchun qo‘shimcha 15 million dollarlik grant ajratishni ma’qulladi.
Qo‘shimcha mablag‘lar Tojikiston shimolidagi “Sug‘d” podstansiyasi va O‘zbekistondagi “Yangi Sirdaryo” podstansiyasi o‘rtasida 22 kilometrlik 500 kV yangi elektr uzatish liniyasini qurish imkonini beradi.
Bu Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonni o‘z ichiga olgan Markaziy Osiyo yagona energetika tizimidagi davlatlar o‘rtasida elektr energiyasi eksporti va importi salohiyatini oshirishga hamda tarmoq uzilishlarining oldini olish uchun infratuzilmani mustahkamlashga yordam beradi, deyiladi xabarda.
OTBning ta’kidlashicha, loyiha Tojikiston energetika tizimi mintaqada qayta tiklanadigan energiyani uzluksiz integratsiyalashuvi uchun energiya va chastotalarni nazorat qilish xizmatlarini taqdim etishga tayyorligini ham ta’minlaydi. Uzoq muddatli istiqbolda u Tojikistondagi Rog‘un GESdan elektr energiyasini uzatish sxemasining asosiy tarkibiy qismiga aylanishi kutilmoqda.
Tojikistonning MA energetika tizimiga qaytishi
Tojikiston 2024-yilda Markaziy Osiyoning yagona energetika tizimiga qaytgandi. Maqsad — mintaqadagi barcha davlatlarning suv va energiya resurslaridan birgalikda muvofiqlashtirilgan foydalanishini yaxshilash.
Tojikiston va Qirg‘iziston endi kuz-qish mavsumida elektr energiyasi tanqisligiga duch kelmaydi, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston esa sug‘orish mavsumida suvsiz qolmaydi.
Tojikiston qishki suv omboriga qaytadi (hozirda u yozda suv to‘playdi) va mamlakatning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji transchegaraviy daryolarning quyi oqimidagi mamlakatlardan yetkazib beriladigan ta’minot hisobidan qoplanadi.
Yozda Tojikiston qishda to‘plangan suvdan qo‘shnilarining sug‘orish suviga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun foydalanadi.
Rog‘un GES
2016-yil oktabr oyida Tojikistonning Vaxsh daryosi bo‘yidagi Rog‘un shahrida 3,6 GVt quvvatdagi (17 milliard kVt/soatdan ortiq) Rog‘un GES qurilishi boshlangan. 335 m balandlikdagi gidroelektr to‘g‘oni dunyodagi eng baland tosh to‘g‘on bo‘ladi.
2016-yildan beri Tojikiston olti turbinaning dastlabki ikkitasini (uchinchi turbina 2025-yilda ishga tushirilishi kutilmoqda) moliyalashtirish uchun 3 milliard dollar sarfladi. 2023-yilda hukumat budjetda Rog‘un GES qurilishi uchun 2,5 milliard somoniy (236 million dollar, YAIMning 2 foizi) miqdoridagi xarajatlarni belgilagan. Standard & Poor’s Global Ratings loyiha 2035-yilda yakunlangunga qadar xarajatlar shu darajada qolishini kutmoqda. Rog‘un GES allaqachon umumiy quvvatning 10−15 foizini tashkil etadigan elektr energiyasi ishlab chiqarmoqda.
“Dastlabki tashqi moliyalashtirish paketiga 1,73 milliard dollar yarim imtiyozli kreditlar, 850 million dollar grantlar va 390 million dollar imtiyozli kreditlar kiradi”, — deyiladi agentlik xabarida. Bu mablag‘lar Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan 2024−2025-yillarda elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzolangandan so‘ng ishlatilishi mumkin bo‘ladi.