“Milton” to‘foni Floridaning g‘arbiy qirg‘oqlari bo‘ylab o‘tib, tornadolar keltirib chiqardi va Atlantika okeaniga kirgunga qadar o‘nlab uylarni vayron qildi, deb xabar bermoqda Reuters. 3 milliondan ortiq uy va korxona elektr energiyasisiz qoldi.
AQSh Milliy to‘fonlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, “Milton” Floridaga chorshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 20:30 atrofida kirib kelgan, shamol tezligi 195 km/soatga yetgan.
“Milton” hali Meksika ko‘rfazida bo‘lgan vaqtda, unga Saffir-Simpson shkalasi bo‘yicha beshinchi murakkablik toifasi berilgan edi, ammo u quruqlikka yetishi bilan meteorologlar uni uchinchi toifagacha tushirdi. Hozirda u birinchisigacha zaiflashgan.
Florida gubernatori Ron DeSantisning aytishicha, “Milton” kamida 19 ta tornadoni keltirib chiqargan, ular bir nechta okruglarga zarar etkazgan va 125 ga yaqin uyni vayron qilgan, ularning aksariyati ko‘chma uylar hisoblanadi.
https://twitter.com/alireidtv/status/1844075084044271759
Uning ta’kidlashicha, tabiiy ofatga birinchi bo‘lib ro‘para kelgan Tampa ko‘rfazi qirg‘og‘i eng halokatli prognozdan qutilib qolgan. “Bo‘ron sezilarli edi, lekin xayriyatki, bu eng yomon ssenariy bo‘lmadi”, — dedi DeSantis.
Sent-Lyusi okrugi rasmiylari tornadodan keyin qariyalar uyida kamida to‘rt kishi halok bo‘lganini tasdiqladi.
“Milton”, shuningdek, Sent-Pitersbergdagi Tropicana Field beysbol stadioni gumbazli tomining bir qismini buzib tashladi.
https://twitter.com/Ry_Bass/status/1844367980249178396
Bundan tashqari, to‘fon shtat bo‘ylab daryolarda kuchli suv toshqini keltirib chiqardi, suv sathi rekord darajada yoki unga yaqin bo‘ldi. O‘nlab uylar va yo‘llarni suv bosishi xavfi bor.
FlightAware sayti ma’lumotlariga ko‘ra, payshanba kuni ertalab Floridaga va undan 2209 ta reys bekor qilingan.
- “Milton” yaqinlashmasdan oldin Florida 5,5 milliondan ortiq aholini evakuatsiya qilishni buyurdi, bu shtat tarixidagi eng yirik evakuatsiyalardan biri bo‘ldi. O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi fuqarolarni ehtiyotkorlikka chaqirdi.
- “Milton”dan bir necha hafta oldin AQShning janubi-sharqida, jumladan, Floridada Helen to‘foni kelib, 200 dan ortiq odamni halok qilgan.