4-oktabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari sayloviga yigirma to‘rt kun qolganda, Debat Xoll maydonida navbatdagi teledebat bo‘lib o‘tdi. “Gazeta.uz” u qanday o‘tgani va partiya vakillari nimalar haqida gaplashganini yozadi.
Avvalroq har juma kuni teledebat o‘tkazilishi, saylovga qadar jami beshta debat tashkil etish rejalashtirilgani ma’lum qilingan edi. 27-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan teledebatda partiya rahbarlari ishtirok etgani haqida xabar bergandik.
Bu galgi teledebat “Davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimini takomillashtirish” mavzusida o‘tkazildi. Unda beshta siyosiy partiya — Liberal demokratik partiya (O‘zLiDeP), “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Ekologik partiya, Xalq demokratik partiyasi (XDP) va “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi vakillari ishtirok etdi.
Mazkur debat bir vaqtning o‘zida bir nechta telekanallarda jonli efirda (surdo tilida ham) namoyish etildi: Mening yurtim, Renessans, Sevimli, Zo‘r TV, Uzreport TV (o‘zbek tilida), Dunyo bo‘ylab (rus tilida) va Foreign languages (ingliz tilida).
Debatga O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi raisi, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja moderatorlik qildi.
Ommaviy fikr almashish to‘rt raundda bo‘lib o‘tdi. Birinchi raundda partiya vakillari davlat boshqaruvi va sud-huquq sohasida ilgari surilayotgan tashabbus hamda g‘oyalar haqida qisqacha axborot berishdi. Buning uchun ularning har biriga ikki daqiqadan vaqt ajratildi. XDP vakili Malika Qodirxonova, “Adolat” vakili Dilmurod Ismoilov, O‘zLiDeP vakili Bobur Bekmurodov va “Milliy tiklanish” vakili Jahongir Shirinov chop etilgan matnga tez-tez ko‘z tashlab turishgan bo‘lsa, Ekopartiya vakili Dildora Kamolova kartochka yordamisiz nutq so‘zladi.
Ikkinchi raundda saylovchilar tomonidan yo‘llangan videoga yozib olingan savollar berildi. Har bir partiya vakiliga ikkitadan savol berilib, har bir savolga bir daqiqa vaqt ajratildi.
Dastlab XDP vakili Malika Qodirxonova partiya anomal ob-havo sharoitida oddiy xizmatchi va ishchilarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qanday taklif bildirayotgani haqidagi savolga javob berdi.
Malika Qodirxonova.
“Bugun biz kuzatyapmizki, globalizatsiya jarayoni ona tabiatga ham ta’sir qilyapti va butun dunyoda iqlim o‘zgaryapti. O‘zbekistonda bu ikki barobar kuchli, chunki bizda Orol ta’siri ham bor. Orol inqirozi orolbo‘yi mintaqasiga ta’sir qilyapti. Partiyamizning asosiy maqsadi — ishchi xodimlar uchun xavfsiz, sog‘lom va munosib mehnat sharoitlarini yaratish. Anomal issiq yoki anomal sovuq birinchi navbatda ishchi xodimlarga ta’sir qiladi va ularning ish sifati ham tushib ketadi. Biz anomal ob-havo sharoitida (juda issiq va juda sovuq vaqtlarda) ishchi xodimlarning ishga 1 soat kech kelib, 1 soat avval ketishlarini taklif qilyapmiz. Eng asosiysi, ularning ish haqi to‘liq saqlanib qolinadi. Shu bilan birga mehnat inspektorlarining vakolatini kuchaytirishni ham taklif etyapmiz”, — dedi partiya vakili.
“Adolat” dasturida jarima va boshqa huquqiy ta’sir choralarini fuqarolarning oylik maoshiga qarab belgilash taklifi ham ko‘zda tutilgan. “Misol uchun, bir fuqaro oyiga 20 mln so‘m, yana biri 2 mln so‘m maosh oladi, ularga bir xil miqdorda jarima qo‘llash bu — noto‘g‘ri. Shu sababli bizning partiya har bir fuqaroning daromadiga qarab, jarimalar qo‘llanilishini adolat mezoniga to‘g‘ri keladi, deb hisoblaydi”, — dedi “Adolat” vakili Dilmurod Ismoilov.
Bobur Bekmurodov.
O‘zLiDeP vakili Bobur Bekmurodov davlat xizmatchilarining xarajatlarini tartibga solish masalasi saylovoldi dasturida mavjud yo mavjud emasligiga oid savolga javob berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat va mahalliy budjetdagi mablag‘lar xalq, ya’ni soliq to‘lovchilarning puli hisoblanadi. Shuning uchun ularni to‘g‘ri taqsimlash va oqilona foydalanish juda muhim. “Ilgari davlat organlari xohlagan avtomobilini istaganicha sotib olishi mumkin edi. Buni tartibga solish uchun hukumat qarori qabul qilindi va yuqori narx chegarasi belgilandi. Aslida bu ham katta narsa. Lekin biz bunda to‘xtab qolmoqchi emasmiz. Biz nafaqat yuqori narx chegarasi, endilikda sonini ham cheklamoqchimiz. Qimmatbaho narsalar: avtomashina, telefon va boshqa buyumlarning ham sonini qonunchilik darajasida belgilab qo‘ymoqchimiz. Buni qonunchilikda aniq tartibga solib qo‘yishimiz kerak”, — dedi Bekmurodov.
“Milliy tiklanish” vakili Jahongir Shirinov mahalla instituti va MFY raislari vakolati haqida gapirdi. Partiya mahalla raislarining vakolat muddatini 5 yilga uzaytirish tarafdori ekanligini ta’kidladi. “Biz aynan bitta mansabdor shaxsning uzoq muddat bitta lavozimda qolishini ham tarafdori emasmiz. Shu sababli aynan bir shaxs bitta mahallada surunkali ravishda ikki martadan ortiq saylanishi mumkin emas, deb hisoblaymiz”, — deya qayd etdi u.
Jahongir Shirinov.
Uchinchi raundda partiya vakillari bir-biriga savollar berishdi.
“Milliy tiklanish” vakili XDPning ayrim takliflariga e’tiroz bildirdi. Masalan, XDP tirbandliklarning oldini olish uchun davlat raqami toq va juft bo‘lgan avtotransport vositalarini harakatiga muayyan bir cheklovlarni ilgari surmoqda. Ya’ni qaysidir kuni toq raqamli mashinalar, qaysidir kuni juft raqamli avtotransport vositalarining harakatlanishini taklif qilyapti. Bu taklif orqali mulkdan foydalanish huquqi buzilmayaptimi, deb so‘radi Jahongir Shirinov.
Malika Qodirxonova bu taklif kimlargadir erish bo‘lib tuyulishi mumkinligini ta’kidlab, bu orqali ikkita muhim masala hal bo‘lishini aytdi. “Birinchisi, ijtimoiy ahamiyati — tirbandlik va piyodalar xavfsizligining oldini olish. Ikkinchisi, ekologik ahamiyati. Bugun nafaqat poytaxtda, balki hududlar markazlarida ham kunduzi ham tirbandlik kuzatilmoqda. Natijada tez tibbiy yordam mashinasi bemorning oldiga o‘z vaqtida yetib borolmayapti. Biz xalqaro tajribani tahlil qilganimizda, Seul va Tokioda aholi va avtotransport vositalari bizga nisbatan bir necha marotaba ko‘p ekanligini bildik. 30−35 yil oldin ham shunday holat bo‘lgan ekan, bugun esa unga yechim topildi. Demak, biz ham buni qilsak bo‘ladi, agar hozir qaror qabul qilmasak, keyin kech bo‘lishi mumkin”, — XDP vakili.
Dilmurod Ismoilov.
XDP vakili “Adolat”ga korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar, ayniqsa, talon-taroj holatlarini sodir etganlardan yetkazilgan zararning bir baravari emas, balki o‘n baravar qilib undiruvchi norma taklifi qanchalik mantiqli ekanligi, huquqbuzarlar o‘n baravar zararni qanday to‘lashi va mazkur tashabbusni amalga oshirish qay darajada imkon yo imkonsizligi haqida savol berdi.
Dilmurod Ismoilov “Adolat” o‘z saylovoldi dasturida boshqa partiyalarga nisbatan korrupsiyaga qarshi kurashish masalasiga alohida urg‘u bergani va aniq takliflari borligini bildirdi. Unga ko‘ra, korrupsion jinoyat sodir etgan shaxsni jinoiy javobgarlikka tortishdan tashqari, unga yetkazilgan zararning o‘n baravar qilib to‘lattirish korrupsiya yo‘liga qadam qo‘yayotgan boshqa shaxsga nisbatan “signal” bo‘ladi. “Bu amaliyotda o‘zini aniq oqlaydi. Biz xorijiy tajribani ham o‘rganganmiz, bu boshqa davlatlarda qo‘llanilgan va o‘zining ijobiy natijasini bergan. Korrupsiyaga qarshi kurashishda jinoiy ta’sir choradan tashqari, iqtisodiy ta’sir choraning qo‘llanilishi kelgusida bu kabi jinoyatlarga profilaktik nuqtayi nazardan xizmat qiladi”, — dedi Dilmurod Ismoilov.
Dildora Kamolova.
“Milliy tiklanish” deputati Ekopartiya vakiliga savol berarkan, daraxtlarning noqonuniy kesilishga nuqta qo‘yadigan aniq strategiya mavjudligiga izoh so‘radi.
Dildora Kamolova daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun jarima miqdori oshirilsa-da, ammo tadbirkorlar bu xatti-harakatini davom ettirayotgani, ya’ni jarimani to‘lab, yana daraxt kesayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “yashillar” bu borada jiddiyroq choralarni ko‘rish kerak, deb hisoblaydi. Partiya daraxtzorlarning yashil kadastri yuritilishi, tadbirkorlar qurilish maqsadida daraxtlarni noqonuniy kesganida ularning yerga bo‘lgan huquqini bekor qilish, daraxtlar mavjud bo‘lgan yerlarni realizatsiya maqsadida berishdan voz kechishni taklif qilmoqda. Shuningdek, ekilganiga o‘n yildan ko‘p bo‘lgan daraxtlarni boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazishni ham taqiqlashni ilgari surmoqda. Partiya vakili bu choralar amalda qo‘llanilsa, albatta, ijobiy natija berishini qayd etdi.
Munozaralarning to‘rtinchi raundida partiya rahbarlari saylovchilarga murojaatlar bilan chiqishdi.
Tadbir yakunida navbatdagi teledebat 11-oktabr kuni o‘tkazilishi ma’lum qilindi.