Shavkat Mirziyoyev juma kuni Ashxobodda Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonning sobiq prezidentini shoir va mutafakkir Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro forum yuksak darajada o‘tkazilgani bilan muborakbod etdi.

U turkman xalqining milliy yetakchisiga Maxtumqulining o‘zbek tilida nashr etilgan tanlangan asarlari to‘plamini sovg‘a qildi.

Suhbatda O‘zbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish, ko‘p qirrali hamkorlikni, ayniqsa, siyosiy, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

гuрбангuли berdiмuhamедов, махтuмқuли фироғий, шавкат мирзиёев

“O‘zaro tovar ayirboshlash jadal o‘sayotgani, birgalikda chegaraoldi savdo hududi barpo etilayotgani, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida hamkorlik kuchayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, hududlarlararo, ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar almashinuv doirasidagi tadbirlar muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgani muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev forumda so‘zlagan nutqida turkman shoiri merosi sharq she’riyati va jahon adabiyotini boyitganini ta’kidladi. “Maxtumquli o‘zbek xalqi uchun ham g‘oyat ardoqli va suyukli siymo”, — dedi davlat rahbari.

Prezident bu yil O‘zbekistonda Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligi keng nishonlanishini eslatdi. “Bugun Toshkent shahri va hududlarimizdagi o‘nlab ko‘cha va xiyobonlar Maxtumquli nomi bilan ataladi. Toshkent va Xiva shaharlarida bu ulug‘ siymo xotirasiga bag‘ishlab bunyod etilgan yodgorlik majmualari tabarruk ziyoratgohlarga aylangan”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Forumda Turkmaniston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Eron, Pokiston, Mo‘g‘uliston va Armaniston prezidentlari, shuningdek, parlament rahbarlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.