“Namangan musaffo iqlim” kompaniyasi 2024-yilning I-yarimyilligida maishiy chiqindi tashish xizmatlarini ko‘rsatish sohasida qonun talablarini buzdi, deb xabar bermoqda Raqobat qo‘mitasi.
Olib borilgan o‘rganishda xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot tomonidan maishiy chiqindi tashish xizmatlari ko‘rsatilgan Namangan shahar, Davlatobod, Yangi Namangan, To‘raqo‘rg‘on, Namangan va Mingbuloq tumanlari mahallalaridagi iste’molchi abonentlar xonadonlariga xizmat ko‘rsatish sifati bo‘yicha olingan dalolatnomalar tahlil qilindi.
Shuningdek, Namangan viloyatning 6 ta hududida joylashgan 275 ta mahallada 1,3 millionga yaqin aholi istiqomat qilsada, tashkilot tomonidan hududda 176 ta mahalladagi 633 598 nafar aholini (qamrov 50,8 foiz) qamrab olinmagani hamda 762 512 nafar iste’molchiga 11 mlrd so‘m ko‘rsatilmagan xizmat uchun haq hisoblangani holatlari aniqlandi.
Hududiy boshqarmaning maxsus komissiyasi tomonidan “Namangan musaffo iqlim” MCHJga nisbatan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 19 va 21-moddalari talablari buzilgani yuzasidan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, 762 512 nafar iste’molchi foydasiga 11 mlrd so‘m qayta hisob-kitob qilinishi bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berilgan.