Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi yordamchisi Vlado Radmanovich 2026-yilgi jahon chempionati saralashining 3-bosqichi doirasidagi Eron bilan uchrashuvdan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida o‘yin haqidagi fikrlarini bildirdi. 10-oktabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan o‘yin 0:0 hisobida yakunlangandi (o‘yindan fotoreportaj).
Uchrashuvda Eron terma jamoasi himoyachisining qizil kartochka olgani tufayli 57-daqiqadan boshlab maydonda 1 kishi kam bo‘lib harakat qildi.
“O‘yindan oldin uchrashuv qiyin kechishini bilardik. Chunki Eron Osiyoning eng yaxshi jamoalaridan biri. O‘ylaymanki, bizda g‘alaba qozonish uchun 50/50 darajada imkoniyat bor edi. Jaloliddin [Masharipov]da yaxshi imkoniyat bo‘ldi, ularda ham yaxshi vaziyat bo‘ldi. Umuman olganda, uchrashuvda bunday qulay vaziyatlar ko‘p bo‘lmadi, lekin shunga qaramay o‘yin qiziqarli bo‘ldi, deb o‘ylayman”, — dedi mutaxassis.
U uchrashuvga tashrif buyurgan barcha muxlislarlarga va ommaviy axborot vositalariga qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirdi. “Biz bir o‘yindan ikkinchisiga o‘tib boryapmiz. Bizda yana yettita o‘yin bor. Har bir o‘yin bugungisi kabi jiddiy bo‘ladi. Keyingi o‘yinda biz BAAni qabul qilamiz. Bu uchrashuvda ham bugungi kabi qo‘llab-quvvatlashni kutamiz”, — dedi Vlado Radmanovich.
Matbuot anjumanida jurnalistlar murabbiy yordamchisidan so‘nggi daqiqalarda O‘zbekiston darvozasiga penalti belgilangan va VAR aralashuvidan so‘ng bekor qilingan, shuningdek, VAR ko‘rib chiqib, qizil kartochka berilgan o‘yindagi hakamlik darajasini baholashni so‘radi. Radmanovich esa murabbiylar hakam haqida gapirmasligi va ularning harakatiga baho bermasligi kerak, deb hisoblashini ta’kidladi.
Mutaxassis bosh murabbiy qachon terma jamoaga qaytishi va kasallik tufayli qancha vaqt maydonda bo‘lmasligi haqidagi savollarga javob bera olmadi. “Uchrashuv davomida biz u bilan doimiy aloqada bo‘lib turdik, ammo buni baribir uning shu yerda o‘zi bo‘lgan vaziyat bilan solishtirib bo‘lmaydi”, — dedi u.
Vlado Radmanovich, shuningdek, o‘yinchilarning o‘yinga to‘liq, ayniqsa, jismonan tayyorlanishlari uchun odatdagidan kamroq vaqt bo‘lganini ta’kidladi. Eron bilan uchrashuvgacha jamoa ihtiyorida faqat 3 kun bo‘lgan.
Jurnalistlardan biri Eron deyarli butun ikkinchi bo‘limni bir kishi kam bo‘lib o‘tkazgani, shunga qaramay o‘zbekistonlik futbolchilar xavfli vaziyatlar yarata olmagani, darvozaga birorta ham aniq zarba bermagani va faqat hujumchi Eldor Shomurodovga yuqoridan uzatma berish bilan cheklanib qolganini ta’kidladi. U, shuningdek, nega yarim himoyachilar Otabek Shukurov va Odil Hamrobekov almashtirilmaganini so‘radi.
Vlado Radmanovich OAV vakilining fikriga qo‘shildi. “Ehtimol, bu bizning xatomiz bo‘ldi. Keyingi uchrashuvlarda buni tuzatishga harakat qilamiz”, — deb javob berdi u.
Mutaxassis, shuningdek, Oston O‘runov o‘yinoldi mashg‘ulotidan so‘ng og‘riq sezgani bois zaxirada hujumkor o‘yinchilar bo‘lmaganiga ham to‘xtalib o‘tdi. Keyinroq u o‘zini yaxshi his qilayotganini aytgan, shu sabab ikkinchi bo‘limda maydonga tushgan. “Bizda hujumchilar ko‘p emas. Biz ertalab 3−4−5−6 yarim himoyachi variantini muhokama qildik, ammo B rejasini topishga harakat qilamiz”, — dedi murabbiy yordamchisi.
Jamoa sardori Eldor Shomurodov jamoa yaxshi o‘yin ko‘rsatganini aytdi.
“Yomon o‘ynamadik deb o‘ylayman. Oxirgi 10 daqiqani aytmaganda, darvozamiz daxlsizligini saqlab qoldik. Oxirgi 10 daqiqada, charchagan vaqtimizda sovuqqonlikni saqlab qolishimiz kerak edi, deb o‘ylayman. Umuman olganda, biz ikki ochko yo‘qotdik, lekin bu katta katastrofa deb ayta olmayman. Chunki guruhda birinchi o‘rinni saqlab qoldik”, — dedi jamoa sardori.
Hujumchi jamoaning asosiy vazifasi jahon chempionatiga chiqish ekanini esladi.
“Va mana shu Jahon chempionatiga chiqish uchun sekin o‘yindan o‘yinga qadam qo‘yib boramiz. Shuning uchun bugungi bir ochkoni qadrsizlantira olmaymiz. Hozircha yaxshi, Xudo xohlasa, keyingi o‘yinda bugungi ikki ochko yo‘qotganimizning o‘rnini to‘ldirib, uch ochkoni qo‘lga kiritamiz, deb o‘ylayman”, — deydi futbolchi.
Eldor Shomurodov, shuningdek, Eron bilan uchrashuvlar hech qachon oson bo‘lmaganini ta’kidladi.
“Har doim qiyin bo‘lgan. O‘zbekiston kuchsizlangani yoki Eron kuchaygani yo‘q, hammasi har doimgidek… Uchrashuvdan keyin xafa bo‘lganimiz sababi — yutish uchun yaxshi imkoniyatimiz bor edi. Eron 10 kishi bo‘lib qoldi. Yaxshiroq o‘yin ko‘rsatishimiz mumkin edi… Bir ochko biz uchun yomon natija emas, chunki bu final emas yoki oxirgi o‘yin ham emas. Oldinda yettita [saralash] o‘yinimiz bor… Bundan qattiq tashvishlanmasligimiz kerak”, — dedi futbolchi.
Uch tur yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston 7 ochko bilan A guruhida birinchi o‘rinni saqlab qoldi. Keyingi o‘rinlarda Eron (7), BAA (4) va Qatar (4) bormoqda.
15-oktabr kuni O‘zbekiston Toshkentda BAAni qabul qiladi. Uchrashuv soat 19:00 da boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, jahon chempionati saralashining uchinchi bosqichida 18 ta terma jamoa oltitadan uchta guruhga bo‘lingan. Guruhning eng yaxshi ikki jamoasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri JCH-2026 final bosqichiga yo‘l oladi. Uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni egallagan jamoalar yana ikkita to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma va qit’alararo pley-off yo‘llanmasi uchun to‘rtinchi bosqichda o‘ynaydi.
Uchinchi saralash bosqichi ikki davrada (10 tur) o‘tkaziladi. Boschiq 2024-yil 5-sentabrda boshlangan va 2025-yil 10-iyunda tugaydi.