10-oktabr kuni bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Peterburg xalqaro gaz forumida O‘zbekistonning elektr energiyasi va gaz ulgurji bozoriga o‘tishni yakunlash rejalari haqida gapirdi.

“Biz aholi va xo‘jalik yurituvchi subyektlarni tabiiy gaz bilan ishonchli ta’minlashimiz kerak. Albatta, o‘zimizning ishlab chiqarishimiz bor, lekin ayni paytda import qilyapmiz. Biz hozirda iqtisodiy o‘sishni ham, iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirishdan kutilayotgan natijalarni ham hisobga olishimiz kerak”, — dedi u.

Bosh vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2027-yilda elektr energiyasi bo‘yicha, 2028-yilda esa tabiiy gaz bo‘yicha ulgurji bozorga o‘tishni yakunlashni rejalashtirmoqda. “Bizda gaz qazib olish ham o‘z kompaniyalarimiz tomonidan, ham MTB (mahsulotni taqsimlash bitimi — tahr.) doirasida amalga oshiriladi. Yangi kichik kompaniyalar bor. Biz O‘zbekiston qazib olish bozorida ko‘proq kompaniyalar bo‘lishini istaymiz”, — dedi u.

Iqtisodiyot va moliya vaziri O‘zbekistonda elektr energiyasi bozorini isloh qilish, samaradorlikni oshirish va tabiiy gaz yo‘qotishlarini kamaytirish bo‘yicha islohotlarning elementi sifatida davlat-xususiy sheriklik mexanizmi orqali gaz taqsimlash tarmoqlarini xususiy sektorga o‘tkazish dasturi qabul qilinganini ta’kidladi.

“Hozir biz Buxoro viloyati misolida shunday loyiha tayyorlayapmiz va bu ham, bizningcha, tabiiy gaz yo‘qotishlarini kamaytirishga xizmat qiladi. Turkiya 63 mlrd kub metr gaz iste’mol qilishini eshitgansizlar. Ulardan aholimiz ikki baravar kam va iqtisodiyotimiz ham kichikroq bo‘lishiga qaramay bizda iste’mol bir oz kamroq xolos. Bu hali ancha ishlashimiz lozimligini ko‘rsatmoqda. Ayni paytda biz ushbu forumda „Gazprom“, rossiyalik va boshqa hamkorlarimiz bilan ishlarni davom ettirish maqsadida ishtirok etayotganimizni aytib o‘tishim lozim”, — dedi Jamshid Qo‘chqorov.

Masalaning tarixi

2020-yil aprel oyida prezident Shavkat Mirziyoyev elektr energiyasi va tabiiy gazning birja savdolari asosidagi ulgurji bozorini tashkil etish rejalashtirilganini ma’lum qilgandi. Bunda barcha ishtirokchilar uchun teng imkoniyat berilishi hamda narxlarni shakllantirishning shaffof mexanizmi tuzilishi qayd etilgandi.

Bu davlat rahbarining 2023-yil 28-sentabrdagi “Energetika sohasini isloh qilishning navbatdagi bosqichini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ham ko‘zda tutilgan. Ҳuжжатга muvofiq, ochiq raqobat muhitiga ega energetika bozori yaratiladi.

Prezident 2023-yilning oktabr oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 2026-yilgacha elektr energiyasiga bo‘lgan talab va taklifdan kelib chiqib shakllantiriladigan erkin ulgurji bozorni joriy etish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi. Shu bilan birga, davlat rahbari me’yoriy-huquqiy bazani shakllantirish, bozor infratuzilmasini yaratish, energetika tizimini quyi bo‘g‘ingacha raqamlashtirish, inson omilini bartaraf etuvchi, real vaqt rejimidagi intellektual boshqaruv tizimini (SCADA) joriy etish zarurligini ko‘rsatib o‘tgandi.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov avvalroq me’yoriy-huquqiy bazani ishlab chiqishda prezident birinchi navbatda Turkiya tajribasini hisobga olish bo‘yicha topshiriq berganini ta’kidlagandi.

Prezidentning 30-avgustdagi “2024−2030-yillarda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, O‘zbekistonning barcha hududlaridagi taqsimlovchi elektr va gaz tarmoqlarini xususiy operatorlar tasarrufiga o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Oktabr oyida Samarqand viloyatida tender boshlanadi. Energoregulyator rahbari Sherzod Xodjayev elektr tarmoqlarini xususiy mulkdorlarga o‘tkazish nega zarurligini tushuntirgandi.

Ulgurji gaz bozori turli ishtirokchilar, masalan, gaz qazib oluvchi kompaniyalar, importyorlar, gaz tarmoqlari operatorlari va yirik sanoat iste’molchilari o‘rtasida katta hajmlarda tabiiy gaz savdosi uchun tashkil etiladi.

Elektr energiyasining ulgurji bozori — bu elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilar (elektr stansiyalari), savdo kompaniyalari va yirik iste’molchilar (masalan, hududiy tarmoq kompaniyalari va yirik sanoat korxonalari) o‘rtasida sotiladigan va sotib olinadigan platforma.