Navoiy kon-metallurgiya kombinati ilk bor yevroobligatsiyalar chiqardi, London fond birjasida joylashtirilgan obligatsiyalar hajmi 1 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu haqda NKMK matbuot xizmati xabar berdi.

Yevroobligatsiyalar 4 va 7 yil muddatga har biri 500 mln AQSh dollari miqdorida ikki transhda, mos ravishda yillik 6,7 foiz va 6,95 foiz daromadlilik bilan joylashtirilgan.

Ikkala transh bo‘yicha jami buyurtmalar kitobi 5,5 mlrd dollarni tashkil etdi va dastlabki talabnomadan 5,5 baravarga oshib, 2019-yilda suveren (davlat) obligatsiyalarining debyut emissiyasidan buyon O‘zbekiston emitentlari o‘rtasidagi eng yirik bitim bo‘ldi.

Kombinat kelib tushgan mablag‘larni umumiy korporativ maqsadlarda, shu jumladan, NKMKning kapital qo‘yilmalar dasturini moliyalashtirish, mavjud qarzni to‘lash yoki muddatidan oldin so‘ndirish, aylanma kapitalni to‘ldirish va boshqa operatsion xarajatlarni qoplash maqsadida ishlatishni rejalashtirmoqda. Lekin maqsadlar faqat bu bilan cheklanmasligi qayd etilgan.

Xabarda aytilishicha, xalqaro obligatsiyalar chiqarilishi NKMKga o‘z qarzlarini yanada qulayroq shartlarda va uzoq muddatlarda qayta moliyalashtirish, shuningdek, kelajakda xalqaro obligatsiyalarni kapital bozorida joylashtirish bo‘yicha namunaga aylanish imkonini beradi.

Kompaniya buni 2021-yil noyabridan beri jahon qarz kapitali bozorlarida (bank emissiyalarini hisobga olmaganda) O‘zbekistondan ilk xalqaro korporativ obligatsiyalar emissiyasi deb atadi. O‘shanda “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi London fond birjasiga 700 mln dollarlik debyut yevrobondlarini joylashtirgandi.

Bu 2020-yil iyulidan beri MDHda xalqaro korporativ obligatsiyalarning eng yirik emissiyalaridan biri va O‘zbekiston tarixidagi suveren yevroobligatsiyalardan keyingi eng yirik emissiya hisoblanishi ta’kidlangan.

Bu, shuningdek, oltin qazib oluvchi kompaniyaning 2023-yil iyun oyidan beri jahon qarz kapitali bozorlarida birinchi emissiyasi va 2021-yil oktabr oyidan beri investitsion darajasidan past reytingli kompaniya tomonidan chiqarilgan birinchi emissiya hisoblanadi.

Obligatsiyalar chiqarilishidan oldin NKMK tarixida birinchi marotaba o‘z kredit profili bahosi bilan S&P Global Platts`dan “bb+”, Fitch`dan esa “bb” kredit reytingini oldi.

“NKMK chinakam xalqaro kon qazib olish kompaniyasiga aylanish uchun mavjud konlarda qazib olish darajasini oshirish, geologiya-qidiruv ishlarining yangi yo‘nalishlarini o‘zlashtirish va raqamli yechimlarni joriy etishga qaratilgan ulkan strategik maqsadlarni amalga oshirmoqda. Biz jahon darajasidagi aktivlarimiz va operatsion samaradorlikdan sarmoyadorlarimiz daromadliligini ta’minlash uchun foydalanishda davom etamiz”, — dedi bosh direktorning transformatsiyalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Yevgeniy Antonov.

Bosh direktorning iqtisod va moliya bo‘yicha o‘rinbosari Jahongir Xasanov yevrobondlarning debyut emissiyasini jahon investorlari hamjamiyati bilan kelajakdagi samarali munosabatlarning boshlanishi deb atadi.

“Ushbu voqea kompaniya tarixida ham, umuman olganda, NKMK milliy iqtisodiyotining flagmani sifatida ko‘riladigan O‘zbekiston Respublikasi uchun ham muhim ahamiyatga ega. Investorlar tomonidan xalqaro obligatsiyalar chiqarilishiga yuqori qiziqish bildirilayotgani kompaniyaning mustahkam barqarorligi va moliyaviy mustahkamligini tasdiqlaydi”, — dedi u.

Yozda S&P agentligi ilk bor Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga kredit reytingini bergandi. 2023-yilda NKMK dunyoda oltin qazib olish bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinni egalladi (90,2 tonna), shunga qaramay, suv bilan bog‘liq xatarlar, shuningdek, bitta konga qaramlik mavjud, deyiladi bayonotda.

Avval xabar qilganimizdek, birinchi yarim yillik yakunlariga ko‘ra, zavodning sof foydasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14 foizga oshib, 882 mln dollarni tashkil etdi. Daromad 3,35 mlrd dollarga yetdi (+21 foiz). Oltinning o‘rtacha sotuv narxi 14 foizga oshib, 2206 dollarni tashkil qildi.