O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-oktabr kuni Ashxobodda turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan “Zamon va sivilizatsiyalarning o‘zaro bog‘liqligi — tinchlik va taraqqiyot asosi” xalqaro forumida ishtirok etdi.

Turkmaniston Serdar Berdimuhamedov raisligida o‘tgan tadbirda Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon, Pokiston prezidenti Osif Ali Zardariy, Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux, Armaniston prezidenti Vaagn Xachaturyan, xorijiy davlatlar parlamentlari rahbarlari va yuqori martabali vakillari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar boshliqlari ishtirok etdi.

ашхобод, махтuмқuли фироғий, turkmanистон, шавкат мирзиёев

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida forumning o‘tkazilishi “xalqlar o‘rtasidagi birodarlik va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlash, mamlakatlarni bir-biriga yanada yaqinlashtirish, boy ma’naviy merosni butun dunyoga targ‘ib qilish yo‘lida” muhim qadam ekanini ta’kidladi.

Prezident Maxtumquli Firog‘iy ijodiy merosi nafaqat Sharq mumtoz she’riyati, balki jahon adabiyotini ham boyitganini ta’kidladi. “Maxtumquli o‘zbek xalqi uchun ham g‘oyat ardoqli va suyukli siymo ekani bilan biz haqli ravishda faxrlanamiz”, — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev bu yil O‘zbekistonda Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligi keng nishonlanishini eslatdi. “Bugun Toshkent shahri va hududlarimizdagi o‘nlab ko‘cha va xiyobonlar Maxtumquli nomi bilan ataladi. Toshkent va Xiva shaharlarida bu ulug‘ siymo xotirasiga bag‘ishlab bunyod etilgan yodgorlik majmualari tabarruk ziyoratgohlarga aylangan”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Davlat rahbari Turkmaniston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan e’lon qilingan “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” doirasida kelgusi yili Ashxobodda global sammit o‘tkazilishini olqishladi.

Turkmaniston prezidenti O‘zbekiston rahbariga mazmunli nutqi uchun minnatdorlik bildirib, Shavkat Mirziyoyevni Maxtumquli yubileyi munosabati bilan medal bilan taqdirlashga qaror qilinganini ma’lum qildi.

Tadbir nihoyasida forumning yakuniy hujjati qabul qilindi, deyiladi xabarda.