Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev juma kuni Hyundai Rotem’ga tegishli (Janubiy Koreya) Global Rail Group kompaniyasi rahbari Kvak Chol Xun boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashdi.

Transport vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishda O‘zbekistonda zamonaviy elektropoyezdlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish loyihasi muhokama qilindi.

Bugungi kunda Janubiy Koreyaning KORAIL kompaniyasi tomonidan ekspluatatsiya qilinayotgan elektropoyezdlar turini mahalliylashtirish orqali ishlab chiqarish taklifi yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.

Mahalliylashtirish asosida ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan elektropoyezdlarining asosiy texnik xususiyatlari bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi.

Tomonlar loyihaning qo‘shimcha imkoniyatlarini ko‘rib chiqish, taklifni tahlil qilish va yangi ishlab chiqarish maydonlarini o‘rganishga kelishib oldi.

Eslatib o‘tamiz, iyunda Koreya Respublikasi prezidenti Yun Sok Yolning tashrifi chog‘ida “O‘zbekiston temir yo‘llari”, “Temiryo‘lekspress” va Hyundai Rotem kompaniyalari o‘rtasida yangi “Toshkent — Urganch — Xiva” tezyurar yo‘nalishi uchun oltita elektropoyezd yetkazib berish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma imzolangan edi.

Avgust oyida prezident oltita Hyundai Rotem poyezdi xarid qilish loyihasining texnik-iqtisodiy parametrlarini tasdiqlagan edi. Koreyaning Eksimbanki 40 yilga 185,18 million yevro miqdorida kredit beradi.

Shavkat Mirziyoyev taklifi bilan elektropoyezd “Jaloliddin Manguberdi” deb nomlanadi. U ishga tushirilgach, Toshkentdan Xivaga 7 soatda (hozirda yarim kundan ko‘proq) yetib borish mumkin bo‘lishi kutilmoqda.