“Ifoda Agro Kimyo Himoya” o‘g‘it ishlab chiqaruvchi korxonasi AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) ko‘magida Namangan viloyatida granulali organomineral o‘g‘itlar (organik komponentning mineral ozuqalar bilan aralashmasi) ishlab chiqarish zavodini ishga tushirdi.
11-oktabr kuni Chust viloyatidagi “Namangan” erkin iqtisodiy zonasida o‘tkazilgan ochilish marosimida USAID administratori yordamchisining o‘rinbosari Anjali Kor, USAID’ning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Devid Xoffman, Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov va boshqalar ishtirok etdi. Bu haqda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.
Kompaniya zavodni qurish va jihozlarini sotib olishga 1 million dollar sarmoya kiritdi, shuningdek, USAID’ning o‘g‘itlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash va samarali foydalanish jamg‘armasidan o‘g‘itlar ishlab chiqarish uchun uskunalar ko‘rinishidagi 460 ming dollar miqdoridagi qo‘shma investitsiyalar oldi.
2022-yilda USAID o‘zbek fermerlari va o‘g‘it ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash orqali oziq-ovqat bilan ta’minlashni yaxshilash uchun 2 million dollar mablag‘ ajratilishini ma’lum qilgandi. Tashabbus mahalliy o‘g‘itlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish va uning sifatini yaxshilash orqali aholining zaif qatlamlarini global oziq-ovqat inqirozining yomonlashuvidan himoya qilishga qaratilgandi. Bu mablag‘ning qariyb yarmi o‘g‘itlar ishlab chiqarish va ulardan samarali foydalanishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga yo‘naltirilgan.
Marosimda so‘zga chiqqan Shavkatjon Abdurazzoqov zavodning ishga tushirilishi viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi. Xususan, viloyat hokimligi matbuot xizmatining xabar berishicha, korxonada 100 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
“O‘g‘itlarning narxi ko‘tarilib borayotganini va buning oziq-ovqat mahsulotlarining jahon narxlariga ta’sirini inobatga olgan holda, fermerlar uchun ulardan erkin foydalanishi va mavjudligini ta’minlash juda muhimdir”, — dedi Anjali Kaur. Yangi zamonaviy korxona oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish, sifatini oshirish va eksport salohiyatini o‘stirish imkonini beradi, dedi u.
Devid Xoffman USAID tomonidan fermerlarning o‘g‘itlardan samarali foydalanish bo‘yicha bilim va xabardorligini oshirish borasida ham ishlar olib borilayotganini ta’kidladi. “Ifoda” 2019-yilda fermerlarga optimal hosildorlikni ta’minlash uchun zarur bo‘lgan o‘g‘it navlari va miqdorini aniqlashda yordam berish uchun doimiy tuproq sinov laboratoriyasini ochgandi. “Ifoda” va USAID, shuningdek, tuproq tahlili bo‘yicha mobil xizmatlarni joriy qilish bo‘yicha hamkorlik qilmoqda.
27 yil avval tashkil etilgan “Ifoda Agro Kimyo Himoya” korxonasi ekinlarni himoya qilish vositalari va o‘g‘itlar ishlab chiqarish bilan birga, fermerlarga maslahat xizmatlarini ham ko‘rsatadi. Korxonada bungacha suyuq, kukunli va granulali o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchi ikkita zavod bo‘lgan bo‘lib, yillik quvvati 130 ming tonna edi. Mahsulotlar MDH, Turkiya, Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga ham eksport qilinmoqda, deydi korxona bosh direktori Qodirbek Mirzamaxmudov.
Zavodning quvvati yiliga 125 milliard so‘mlik 115 ming tonna o‘g‘it hisoblanadi, rejalashtirilgan eksport hajmi esa 7 million dollarni tashkil etadi.