Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi 62-maktabda dars vaqtida mushuk bolasini ikkinchi qavat derazasidan uloqtirgan o‘qituvchi lavozimidan olindi, deya xabar bermoqda poytaxt maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati.

Mushukcha ikkinchi qavatdan qulashi oqibatida tos suyagi sinishi, umurtqa pog‘onasi shikastlanishi, ichki a’zolarida ko‘karishlar kabi jarohatlar olgan va keyinchalik vafot etgan.

Sud o‘qituvchiga hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish moddasi bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari (375 ming so‘m) miqdorida jarima solgan.

Boshqarmaning qayd etishicha, 62-sonli maktab direktoriga “jamoada nazoratni susaytirgani, o‘z xizmat vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgani uchun” hayfsan intizomiy jazosi berildi.

Avvalroq boshqarma o‘qituvchi “o‘quvchilar dars mashg‘ulotlari paytida chalg‘imasliklari uchun” mushukni derazadan tashlab yuborganini va mushuk jiddiy jarohatlar olmaganini bildirgandi.