Toshkent shahrida oktabr oyining 10 kuni davomida 32 nafar giyohvandlik vositalarini yashirish yo‘li bilan tarqatuvchi shaxs ushlandi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ularning yonidan va yashirgan joylaridan giyohvandlik vositalari hamda psixotrop moddalar aniqlanib, xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.

Barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchilarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan, tergov harakatlari davom etmoqda.

IIBB xabariga ko‘ra, poytaxtda 20-sentabrdan 20-oktabrgacha giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish oyligi o‘tkazilmoqda. IIBB boshlig‘i, general-mayor Aziz Tashpulatov oylik doirasida tunu kun xizmat tashkil etilganini ma’lum qilgan.

Shu bilan birga, oylik doirasida narkograffiti yozuvlarini o‘chirish, ushbu yozuvlarni chizib ketuvchi shaxslarni aniqlash va ularga chora ko‘rish, giyohvandlik vositalarini tarqatuvchi shaxslarni (“zakladchik”) hamda ularni olib ketuvchilarni aniqlash, har bir holat yuzasidan qonuniy qaror qabul qilinishini ta’minlash vazifalari amalga oshirilmoqda.