Muqaddam suv xo‘jaligi vaziri birinchi o‘rinbosari va qishloq xo‘jaligi vaziri birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan Azimjon Nazarov bir qancha holatlarda jinoyat sodir etgan deb topildi. “Gazeta.uz” unga nisbatan chiqarilgan sud hukmini o‘rgandi.

Hujjatga ko‘ra, Nazarov 2008-yilda marketing tadqiqotlari, tijoriy faoliyat, moliya va boshqaruv masalalari bo‘yicha maslahat xizmatlarini ko‘rsatishga ixtisoslashgan Nazar Business and Technology kompaniyasini tuzadi. Uning jinoyatlari asosan shu kompaniya bilan bog‘liq. Nazarov 2017-yil 28-dekabr kuni innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlangach, Nazar Business and Technology rahbarligini go‘yoki boshqa odamga topshirib, o‘zida yagona ta’sischilikni saqlab qolgan.

“Janubiy Qoraqalpog‘istonda suv resurslarini boshqarishni yaxshilash” loyihasini amalga oshirish yuzasidan Suv xo‘jaligi vazirligi va Jahon banki o‘rtasida umumiy qiymati 376,71 mln AQSh dollari bo‘lgan qarz bitimi imzolangan. Suv xo‘jaligi vazirligi loyihani amalga oshirish, kredit, qarz mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanishga mas’ul etib belgilangan.

2016-yil 5-avgust kuni Suv xo‘jaligi vazirligining Jahon banki loyihalarini amalga oshirish guruhi va Azimjon Nazarov ta’sischiligidagi Nazar Business and Technology o‘rtasida “Monitoring va baholash” hamda “Ijtimoiy himoya choralari va atrof-muhitni muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirish to‘g‘risidagi hujjatni yaratish” bo‘yicha 2016−2021-yillarda konsalting xizmatlarni ko‘rsatish yuzasidan umumiy qiymati 950 320 AQSh dollariga teng bo‘lgan shartnoma imzolangan.

Azimjon Nazarov MCHJdagi o‘rinbosari va bosh hisobchi bilan davlat tashqi qarzi hisobidan mazkur loyihaga jalb qilingan mablag‘larni qonunga xilof ravishda o‘zlashtirish yuzasidan jinoiy reja tuzgan. Unga asosan, loyihaga jalb qilingan mutaxassislar tomonidan haqiqatda bajarilmagan ish turlarini go‘yoki bajarilgani haqida yolg‘on ma’lumotlar kiritilgan tabel va hisob-fakturalar tayyorlash orqali mablag‘larni o‘zlashtirishni yo‘lga qo‘ygan.

Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi xodimi tomonidan tuzilgan 2024-yil 7-martdagi umumiy dalolatnomaga ko‘ra, Nazarov va sheriklari loyiha doirasida shartnoma shartlariga zid ravishda haqiqatda bajarilmagan konsalting xizmatlarini go‘yoki bajarilgan deb ko‘rsatish orqali Nazar Business and Technology’ga 17 ta holatda jami 562 428 AQSh dollari (valyuta kursining 2023-yil 31-iyul holatiga 6 mlrd 564 mln 388 ming 245 so‘m) pul mablag‘i ortiqcha to‘lanishiga erishgan.

Shuningdek, Nazarov “Janubiy Qoraqalpog‘istonda Suv resurslarini boshqarish” loyihasi doirasida amalga oshirilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan xizmatlar uchun yolg‘on hujjatlar tayyorlab, davlat mablag‘larini talon-toroj qilgan. U mazkur mablag‘larning bir qismini Nazar Business and Technology`ga o‘tkazib, Toshkentda uy va ofis binolarini sotib olgan hamda qurdirgan. Nazarov ushbu mol-mulklarni jinoiy faoliyatidan olingan daromadlarni legallashtirish maqsadida ishlatgan va 2017−2021-yillarda katta miqdorda pullarni o‘zlashtirgan.

Bundan tashqari, Azimjon Nazarov suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan davrda nasos stansiyalarini modernizatsiyalashga aloqador yirik loyihaning qiymati 95,4 mln AQSh dollariga ko‘paytirilgan, shuningdek, budjetdan 3,7 mlrd so‘m pul mablag‘lar asossiz sarflangan.

Azimjon Nazarov sudda ayblovlarga iqrorlik bildirmagan hamda umuman jinoyat sodir etmaganini aytib, suddan o‘ziga nisbatan odilona qaror qabul qilishni so‘ragan. Sudda sudlanuvchining aybi guvohlarning ko‘rsatmalari bilan o‘z isbotini to‘liq topgani qayd etilgan.

Sud hukmi bilan Azimjon Nazarov Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismining “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 209-moddasi 2-qismining “a” bandi (Takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan mansab soxtakorligi), 243-moddasi (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) hamda 207-moddasi 1-qismida (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan.

Unga 2 yil muddatga korxona, tashkilot va muassasalarda moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalar hamda mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 4,5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Sud ish bo‘yicha yetkazilgan 562 428 AQSh dollari miqdoridagi zararni hukm e’lon qilingan kundagi AQSh dollarining so‘mga nisbatan 12 749,75 so‘mdan hisoblab, jami 7 170 816 393 so‘m undirishni va undiruvni zararni qoplash maqsadida depozit hisob raqamiga topshirilgan 104 jami 7 079 952 596 so‘m hisobidan qoplash uchun ushbu pul mablag‘larini davlat daromadi hisobiga o‘tkazishni lozim topadi.

Shu bilan birga sud, zararning qolgan 90 863 797 so‘m qismini ish bo‘yicha 20 422 801 028 so‘mga baholangan Toshkent shahrida joylashgan ofis binosini davlat daromadi hisobiga musodara qilish orqali sotuvdan tushgan pullar hisobidan qoplashni va auksion savdolaridan qolgan pul mablag‘larini davlat foydasiga musodara qilishni lozim topadi.