2024-yilda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki portlashlari jabrlanuvchilarini birlashtirgan tashkilotga berildi. Bu haqda Oslodagi Nobel qo‘mitasi xabar qildi.
Qayd etilishicha, Nixon Hidankyo tashkiloti mukofotga “yadro qurollaridan xoli dunyo yaratish uchun qilgan sa’y-harakatlari hamda guvohlarning ko‘rsatmalari orqali yadro qurollaridan boshqa hech qachon foydalanmaslik kerakligini isbotlagani uchun” loyiq ko‘rildi.
Tashkilot Xirosima va Nagasaki atom bombalari jabrdiydalari tomonidan yaratilgan. Uning a’zolari ushbu hujumlardan jabrlanganlarni qo‘llab-quvvatlash uchun lobbichilik qiladi va yadroviy qurollarni bekor qilishga chaqirib keladi.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yilgi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti ayollarga nisbatan zulmga qarshi kurashgan eronlik huquq himoyachisi Narges Muhammadiga berilgandi.
Shunday qilib, tinchlik mukofoti Nobel haftaligini yakunlab berdi. 14-oktabrda Alfred Nobel xotirasiga iqtisod bo‘yicha mukofot topshiriladi.
Ma’lumot uchun, 2024-yilda Nobel mukofotiga tibbiyot va fiziologiya bo‘yicha genlar faoliyatini boshqaruvchi mikroRNK molekulalarini kashf etgan Viktor Ambros va Gari Ruvkun, fizika bo‘yicha sun’iy neyron tarmoqlaridan foydalanishdagi ixtirolari uchun Jon Xopfild va Jeffri Xinton, kimyo bo‘yicha sun’iy intellektdan foydalanib, oqsillar tuzilishini aniqlagani va yangi turlarini yaratishdagi ishlari uchun Devid Beyker, Demis Xassabis va Jon Jumper, adabiyot bo‘yicha tarixiy jarohatlarga qarshi kurashadigan va inson hayotining nozikligini ochib beradigan ta’sirli she’riy nasri uchun Xan Kang loyiq ko‘rildi.