O‘zbekistonda dam olish kunlari hududlarda yomg‘irli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, deya xabar berdi O‘zgidromet.
Juma kuni O‘zbekiston hududining katta qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi, faqat Toshkent viloyatida va kechga tomon Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Havo harorati kunduzi +20…+25 darajani tashkil etadi.
Shanba, ertaga kunning ikkinchi yarmida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida va kechga tomon Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin, respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati kechasi +10…+15, kunduzi +20…+25 daraja atrofida bo‘lishi saqlanib turadi.
Yakshanba kuni O‘zbekiston hududining katta qismida yomg‘ir yog‘adi. Faqat shimoliy va janubiy hududlar bo‘yicha yog‘ingarchilik bo‘lishi ehtimoli kam. Havo harorati kechasi +10…+15 daraja atrofida bo‘ladi, kunduz kuni +17…+22 darajagacha biroz pasayadi.
Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, 11 va 13-oktabr kunlari ayrim joylarda kuchli yomg‘ir yog‘ishi mumkin, baland tog‘li hududlarda yomg‘ir qorga aylanadi. Shuningdek, to‘rtta viloyatida sel kelishi xavfi e’lon qilingan.
Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol 13−18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi kutilmoqda.
Toshkent shahrida 11-oktabrda biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Shamol g‘arbdan 5−10 m/s tezlikda esadi. Harorat +22…+24 daraja bo‘ladi.
12-oktabrda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3−8 m/s tezlikda esadi. Harorat kechasi +12…+14, kunduzi +22…+24 daraja bo‘ladi. 13-oktabrda esa vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. Shamol sharqdan 3−8 m/s tezlikda esadi. Harorat kechasi +12…+14, kunduzi +20…+22 daraja bo‘ladi.