O‘zbekiston Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzurida davlat muassasasi shaklida Fan olimpiadalari markazi tashkil etiladi. Prezidentning buni nazarda tutuvchi PQ-346-son qarori qabul qilindi, deya xabar berdi Adliya vazirligi.
Iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini takomillashtirishni nazarda tutuvchi hujjatda Fan olimpiadalari markazining asosiy vazifalari belgilangan.
Unga ko‘ra, qobiliyatli va fanlarni chuqur o‘rganishga qiziqadigan yoshlarni aniqlash hamda seleksiya qilish, ulardagi iqtidorni yanada rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish markazning asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi.
2025-yildan markaz tomonidan:
- 5−8-sinf o‘quvchilari o‘rtasida olimpiadalarda yuqori natijalarni qayd etgan iqtidorli o‘quvchilar bazasi shakllantiriladi va ularni xalqaro olimpiadalarga maqsadli tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi;
- har bir fan yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv dasturlari, adabiyotlar, metodik tavsiyalar, qo‘llanmalar va jurnallar yaratilib boriladi;
- o‘quvchilarni fan olimpiadalariga tayyorlovchi trener-o‘qituvchilarning uzluksiz kasbiy rivojlanishi uchun zarur sharoitlar yaratiladi, ularga yangi metodikalar o‘rgatib boriladi;
- fan olimpiadalari bo‘yicha milliy terma jamoalarning xorijiy davlatlar terma jamoalari bilan qo‘shma yig‘inlar o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
- o‘quvchilar uchun xalqaro olimpiadalarda ruhiy bosimni yengish bo‘yicha seminarlar hamda motivatsion treninglar tashkil qilinadi;
- iqtidorli yoshlar uchun “intellektual oromgohlar” tashkil etiladi.
Fan olimpiadalariga tayyorlash markazi tashkil etilishini prezident Shavkat Mirziyoyev 30-sentabr kuni o‘qituvchi va murabbiylar bilan bo‘lib o‘tgan muloqotida ma’lum qilgandi.
Yig‘ilishda, shuningdek, rag‘batlantiriladigan xalqaro fan olimpiadalari soni 18 tadan 22 taga yetkazilishi aytilgandi. Bunda nufuzli xalqaro olimpiadada oltin medal olgan o‘quvchiga — 170 mln so‘m, kumush medalga — 102 mln so‘m, bronza medal uchun — 68 mln so‘m mukofot puli beriladi.
Shu bilan birga, ana shu o‘quvchilarning o‘qituvchilari 50 mln so‘mdan 150 mln so‘mgacha mukofotlanib, ularga bir yilda 100 foizlik ustama olish imkoni yaratiladi. Ilk bor xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar jamoasi rahbarlarini ham rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.