2024-yil 10-oktabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudida shahvoniy shilqimlik qilishda gumonlangan shaxs ustidan sud bo‘lib o‘tdi. “Gazeta.uz” sud hujjatini o‘rgandi.
Qayd etilishicha, 1986-yilda tug‘ilgan erkak 9-oktabr kuni Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uy yonida spirtli ichimlik iste’mol qilib, mast holatga kelib qolgan. Shundan so‘ng u bolalar maydonchasida o‘ynab yurgan qizga “buncha chiroylisan, kel quchoqlab o‘pay” degan. Sud majlisida erkak o‘z aybiga iqror bo‘lib, bu ishni qayta takrorlamasligini aytgan va suddan yengillik so‘ragan.
O‘z navbatida, jabrlanuvchi M.Sh. (voyaga yetmagan qizning onasi) ham sudda ko‘rsatma berib, qizi o‘yingohdan yugurib kelib, mast erkak unga qo‘li bilan ishora qilib, o‘pmoqchi ekanini bildirganini aytgan. Ayol ayblanuvchi shahvoniy shilqimlik qilganini ta’kidlab, suddan unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Huquqbuzar B.M. ilgari ham jamoat joyda alkogolli mahsulot iste’mol qilgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Bu dastlabki surishtiruv organi tomonidan sodir qilgan huquqbuzarlik harakati ish hujjatlarida mavjud bo‘lgan tushuntirish xatlari hamda profilaktika inspektori tomonidan tuzilgan ma’muriy bayonnoma va boshqa hujjatlar bilan o‘z isbotini topgan.
Cud B.M.ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi 1-qismi (Shahvoniy shilqimlik qilish) va 187-moddasi 2-qismi (Jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish) bilan aybdor deb topib, 5 sutka ma’muriy qamoqqa olish jazosi tayinladi.
Huquqbuzar B.M. qabul qilish muassasasi foydasiga ma’muriy qamoqning har bir kuni uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi, ya’ni 51 ming so‘mdan 5 sutka uchun jami 255 ming so‘m qamoq xarajatlari undirilishi belgilandi.