Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-oktabr kuni texnik jihatdan tartibga solish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va rejalar to‘g‘risidagi hisobot bilan tanishdi.
Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekistonda ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha katta marralar belgilangan. Bunda texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish va metrologiya masalalari muhim ahamiyatga ega.
“Fevral oyidan boshlab [Texnik jihatdan tartibga solish agentligiga] yangi rahbarni qo‘yganman, qaror, farmon qabul qildik. Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha qoidalarni uyg‘unlashtirish ko‘rsatkichi yil boshida 25 foiz bo‘lgan bo‘lsa, harakatlarimiz bilan buni 29 foizga yetkazdik. Mana, qancha ishimiz turibdi”, — dedi prezident.
So‘nggi yillarda mamlakatda 12 mingta standart tasdiqlangan. Yil boshidan buyon yana 1 ming 40 ta xalqaro standart qabul qilingan. Mahsulot xavfsizligi va sifatini ta’minlash maqsadida 29 ta texnik reglament ishlab chiqilgan. “Bular sanoat korxonalari va tadbirkorlarga yetkazilib, sertifikatlar olishiga ko‘maklashilyapti”, — deyiladi xabarda.
Davlat rahbari tashqi bozorlarga chiqish uchun samarali texnik tartibga solish tizimi shartligini ta’kidlab, qo‘shimcha vazifalarni belgilab berdi. Bugungi kunda mamlakatda 269 ta laboratoriyadan atigi 64 tasida o‘tkazilgan sinovlar xalqaro darajada tan olinadi. Oqibatda tadbirkorlar mahsulotlarini eksportga olib chiqishda qo‘shimcha sinovlar o‘tkazishga majbur bo‘lmoqda.
Shu sababli prezident xalqaro tan olinadigan laboratoriyalarni ko‘paytirish, elektr texnikasi, qurilish materiallari, mashinasozlik kabi sohalarda 10 ta yangi laboratoriya tashkil qilish zarurligi ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyev texnik tartibga solish sohasidagi qonunchilik O‘zbekiston a’zo bo‘lishni rejalashtirayotgan Jahon savdo tashkiloti talablariga moslashtirish muhimligini aytdi.
“1400 ta standart moslashtirildi. O‘zbekistondagi 269 laboratoriyadan 105 tasi xalqaro standartlar tomonidan tan olinmagan. Demak, jahon bozoriga raqobatbardosh mahsulotlar chiqara olmaymiz”, — deydi u.
Bu yil 340 ta milliy standart, 2025-yil yakunigacha yana 38 ta reglament ishlab chiqiladi. 28 ta texnik qo‘mita, laboratoriyalar faoliyatini raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratiladi. Buning uchun “Texnik tartibga solish” elektron platformasi ishga tushiriladi.
Davlat rahbari bu sohada kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berdi.
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarovning aytishicha, bugungi kunda agentlikda 29 ta etalon mavjud bo‘lib, 2024-yilda yana 13 ta etalon xarid qilish rejalashtirilmoqda.
“Prezidentimiz bergan topshiriqlardan bittasi — mazkur etalonlar sonini 77 taga yetkazish. Buning hisobiga barcha sanoat tarmoqlarini metrologiya xizmatlari bilan to‘liq qamrab olamiz. 22 mingta o‘lchov vositalarini kalibrlash va solishtirishdan o‘tkazamiz, bu esa taxminan 2,5 mln dollar valyutani iqtisod qilish imkonini beradi”, — dedi u.
Agentlikning elektrotexnika, mashinasozlik, kimyo, polimer va to‘qimachilik bo‘yicha oltita laboratoriyadan iborat bo‘lgan laboratoriyalar kampusini loyihalash va qurish ishlari 2025-yilda boshlanishi rejalashtirilgan.
Akmal Jumanazarovning aytishicha, barcha standartlarni JST talablariga moslash bo‘yicha 2500 ta standart tahlil qilingan bo‘lib, ulardan 2000 dan ortig‘ini xalqaro standartlarga o‘tkazish,182 ta standartni esa bekor qilish rejalashtirilgan.