O‘zbekistonda elektr energiyasi va gaz tariflari islohotining asosiy bosqichi 2025-yilda yakunlanishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 10-oktabr kuni Peterburg xalqaro gaz forumida gapirdi.
“Mamlakatimiz gaz bozorida katta o‘yinchi emas — biz yirik eksportchi ham, yirik importyor ham emasmiz… Shu bilan birga, biz ham barcha davlatlar kabi iqtisodiyotimiz hamda odamlarimizni energiya resurslari bilan ishonchli asosda ta’minlash haqida o‘ylaymiz va buning choralarini ko‘ramiz”, — dedi u.
Jamshid Qo‘chqorovning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining o‘sish sur’ati 6 foizdan oshgan. O‘zbekiston iqtisodiyoti “ko‘p energiya” iste’mol qiladi, yalpi ichki mahsulotga nisbatan xarajatlar esa “bizda boshqa MDH mamlakatlaridagidan ko‘ra ko‘proq”.
“Aholi ham oshib bormoqda. Va, albatta, gazga bo‘lgan talab ham ortib bormoqda. Lekin, shu bilan birga, tanganing boshqa tomoni ham bor. Bu O‘zbekiston iqtisodiyoting energiya sarfi yuqori ekanidir. Va, ayniqsa, eski korxonalar, jumladan, gazda ishlovchi elektrostansiyalar, albatta, juda energiya tejamkor emas. Shu sababli, bir tomondan, ehtiyoj ortib bormoqda, ikkinchi tomondan, biz butun iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish ustida ishlayapmiz”, — dedi Iqtisodiyot va moliya vazirligi rahbari.
Bosh vazir o‘rinbosarining fikricha, elektr energiyasini tejash va energosamarador bo‘lish haqidagi odatiy chaqiriq “ish bermayapti”, shuning uchun 2023-yilda mamlakatda energiya tariflarini isloh qilish boshlandi.
“Xudo xohlasa, kelgusi yilda tarif islohotining asosiy bosqichi yakunlanadi. Bu, albatta, aholi ham, xo‘jalik yurituvchi subyektlar ham energiya resurslaridan ratsional foydalanishiga xizmat qiladi”, — dedi u.
Jamshid Qo‘chqorov, shuningdek, O‘zbekiston gaz transporti tizimini (GTT) modernizatsiya qilishni rejalashtirayotgani va bu borada Qozog‘iston va Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini ma’lum qildi. Avvalroq hukumat “shimoldan” gaz importi hajmini oshirish uchun GTTni modernizatsiya qilishga 500 mln dollar sarmoya kiritishni rejalashtirayotgani xabar qilingandi. O‘zbekiston hozirda bu yo‘nalish orqali Rossiya gazini oladi. Yetkazib berish hajmini kuniga 9 mln kub metrdan 32 mln kub metrgacha oshirish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hukumati 1-oktabrdan boshlab yirik korxonalar, budjet tashkilotlari, kompaniyalar va boshqa yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi va gaz narxlarini 2−2,7 baravarga oshirdi.
1-maydan boshlab esa mamlakatda elektr energiyasi va gaz tariflari keskin oshirildi, shuningdek, elektr energiyasi iste’moli uchun ijtimoiy norma joriy etildi.
Hukumat qaroriga ko‘ra, 2025-yil 1-apreldan tariflar yana oshadi. Maishiy iste’molchilar uchun 1 kVt/soat elektr energiyasining narxi oyiga 200 kVt/soatgacha iste’mol uchun 450 so‘mdan 600 so‘mgacha ko‘tariladi. Boshqa iste’molchilar, jumladan, korxonalar uchun elektr energiyasi narxi 900 so‘mdan 1000 so‘mgacha oshishi rejalashtirilgan.
Aholiga yetkazib beriladigan tabiiy gazning bir kub metri narxi bazaviy tarif doirasida 650 so‘mdan 1000 so‘mgacha oshiriladi.
2024-yil aprel holatiga ko‘ra, elektr energiyasi tannarxi 1 kVt/soat uchun 1000 so‘mga yaqin, gazniki esa — kub metri uchun 2000 so‘m atrofida. Narx korxonalarning operatsion xarajatlarini, shu jumladan, investitsiya loyihalari bilan bog‘liq xarajatlarini, kreditlarni qaytarish va import qilinadigan energiya resurslari xarajatlarini o‘z ichiga oladi.