Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi “Quruvchilar” dahasida 2023-yilning sentabr oyida sodir bo‘lgan portlash voqeasida aybdor deb topilganlar ustidan sud bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo.uz” xabar berdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida sudya Dadaboyeva raisligida mazkur ish ko‘rib chiqilib, 4 nafar sudlanuvchining har biriga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Sud hukmiga ko‘ra, Inter Logistics MCHJ direktori F.S. Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi “a” va “b” bandlari (Odam o‘lishi va boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan aybli deb topilib, ikki yil rahbarlik va yong‘in xavfsizligi yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan hamda 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Inter Logistics MCHJ qo‘riqlash (harbiylashgan, yong‘indan saqlanish, qorovullik) boshlig‘i F.A. ham Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi “a” va “b” bandlari bilan aybli deb topilib, u ham 2 yil rahbarlik va yong‘in xavfsizligi yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan, shuningdek, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Polychem MCHJ direktori S.B. va ombor mudiri N.K. ham Jinoyat kodeksining aynan shu moddalari bilan aybli deb topilib, ularga ham 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Mahkumlar tayinlangan jazoni manzil koloniyada o‘tashi belgilandi.
Fuqaroviy da’vogarlar va jinoyat ishida jabrlanuvchilar deb e’tirof etilgan Stal service MCHJ, “Aki-Ort” MCHJ va Azimut Sirmersan MCHJ shaklidagi xorijiy korxonaning sudga kiritgan da’vo arizalari qanoatlantirildi.
Jabrlanuvchi va fuqaroviy da’vogarlarga Inter Logistics MCHJ va Polychem MCHJdan 282 milliard so‘m mablag‘ solidar tartibda undirilishi belgilandi.
Sergelidagi portlash
2023-yilning 28-sentabr kuni soat 02:43 da Toshkent shahri Sergeli tumani Xonobod ko‘chasi 3-uy manzilida joylashgan Inter Logistics MCHJga qarashli 18,4 gektar yer maydonda joylashgan omborxonada taxminan 10 000 kv metr maydonda yong‘in kelib chiqqan. Yong‘in sabab omborxonada kuchli portlash sodir bo‘ldi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining xabar berishicha, o‘t o‘chiruvchilar yong‘inni 8 soat davomida o‘chirgan. FVV va boshqa tegishli tashkilotlardan jami 210 ta texnika va 2000 dan ortiq shaxsiy tarkib jalb qilingan.
Portlash zarba to‘lqini natijasida omborxona atrofida joylashgan bir nechta ko‘p qavatli uylarga, binolarga hamda transport vositalariga shikast yetgan. 163 nafar fuqaro jarohatlangan.
Portlashda 2006-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan fuqaro olgan jarohati oqibatida vafot etgani ma’lum bo‘ldi.
Holat bo‘yicha IIV Tergov departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi “a” va “b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. 4 nafar shaxs qamoqqa olingan, 1 nafar gumonlanuvchiga nisbatan garov tariqasidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Portlash oqibatlari
Favqulodda vaziyat oqibatida umumiy jabrlanganlar soni 163 nafarni tashkil etgan bo‘lib, ularning 150 nafari yengil va 13 nafari og‘ir tan jarohati olgan. Bir nafar voyaga yetmagan fuqaro olgan og‘ir tan jarohatlari natijasida vafot etgan.
Jarohat olganlarning 24 nafari shifoxonaga yotqizilib, ularga tegishli tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatilgan. Qolgan 138 nafari ambulator davolanishga yuborilgan. Hozirda jarohatlangan barcha fuqarolarning salomatligi tiklanib, uyiga ruhsat berilgan.
“Favqulodda vaziyat oqibatida 39 ta ko‘p qavatli uylardagi 1370 ta xonadon hamda 246 ta yerli xonadonning fasad, oyna-rom, eshik va tom qismiga ziyon yetkazilgan va umumiy zarar miqdori 14,5 mlrd so‘mni tashkil etmoqda”, — deyiladi hukumat komissiyasi bayonotida.
Bundan tashqari, favqulodda vaziyat natijasida hududdagi 305-son umumta’lim maktabi (1250 o‘rinli) va 600-son bog‘chaning (720 o‘rinli) deraza-romlari, eshik va fasad qismiga zarar yetgan.