O‘zbekistonda BMT Taraqqiyot dasturi Adliya vazirligi, ombudsman va Finlyandiya hukumatining moliyaviy ko‘magida 2023-yildan boshlab “O‘zbekistonda qonun ustuvorligini mustahkamlash va inson huquqlarini himoya qilish” loyihasini amalga oshirib kelmoqda.

Xotin-qizlar huquqlari bilan bog‘liq sud amaliyoti tahlili O‘zbekistondagi nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) — “Huquqiy tayanch” (Jizzax viloyati) va “Rahmdillik” (Samarqand viloyati) tomonidan amalga oshirilmoqda.

Sud qarorlarini o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, ota-onalik huquqidan mahrum qilish va uy-joy nizolari bilan bog‘liq ishlarda ayollar ko‘pincha advokatsiz o‘zlarini himoya qilishga majbur bo‘lishadi, bu esa ular uchun qo‘shimcha moliyaviy va huquqiy qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Bundan tashqari, gender statistikasining yetarli emasligi ayollarning odil sudlovdan foydalanishini cheklaydi, deb ta’kidladi tadqiqotchilar.

ayollar huquqi, bмттд, sud

Ota-onalik huquqidan mahrum qilish

Bolalarning chet elga chiqishi uchun sobiq eri/xotinidan ruxsat olish bilan bog‘liq og‘irlashtiruvchi qonunchilik qoidasi ayollar tomonidan qo‘zg‘atilgan ota-onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi ishlar sonining ko‘payishiga olib keladi, bu esa ulardan o‘z qonuniy huquqlarini amalga oshirish uchun qo‘shimcha sa’y-harakatlar va qo‘shimcha moliyaviy xarajatlarni talab qiladi. Bunday qo‘shimcha sa’y-harakatlar sudlar farzandning ayol qaramog‘ida ekanligi aniq belgilamagan ishlar bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi ishlarning 88 foizidan ko‘prog‘ida (217 ta ishning 191 tasida) da’vogarlar O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 79-moddasi 1-bandiga asosan (Ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan, shu jumladan aliment to‘lashdan bosh tortish) ota-onalik huquqidan mahrum qilishni so‘raganlar.

Ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlar va faollarga ko‘ra, buning asosiy sababi voyaga yetmagan shaxsning xorijga chiqishi uchun ota-onasidan ruxsat olish to‘g‘risidagi qonunchilik talabi hisoblanadi. Bu talab xotin-qizlarning voyaga yetmaganlar ustidan vasiylik qilishni samarali amalga oshirish huquqlarini ta’minlash uchun soddalashtirilishi mumkin.

ayollar huquqi, bмттд, sud

Uy-joyga bo‘lgan huquq

Ayollarning uy-joyga bo‘lgan huquqi, ayniqsa, turmush o‘rtog‘i bilan ajrashish jarayonida bo‘lgan ayollarga nisbatan samarali amalga oshirilmayapti. Ushbu xulosa, (er-xotin o‘rtasidagi) uy-joyga majburiy kiritish to‘g‘risidagi ishlarning 94 foizidan ortig‘i xotin-qizlar tomonidan kiritilganligiga asoslangan.

Shu bilan birga, sudlar 82 foizdan ortiq hollarda xotin-qizlar tomonidan uy-joyga majburiy kiritish to‘g‘risidagi arizalarini qanoatlantirganligini tan olish kerak. Bu holatda ayollar yana isbotlash yukini o‘z zimmalariga olishadi va aynan ayollar o‘z huquqlarini himoya qilish jarayonidan o‘tishlari kerak. Ushbu da’vo arizalarini kiritgan xotin-qizlarning qaramog‘ida voyaga yetmagan farzandlari borligi, ushbu xulosaning yana bir jihatidir.

ayollar huquqi, bмттд, sud

Taraflar o‘z huquqlarini mustaqil ravishda (advokat ishtirokisiz) himoya qilgan ishlar soni juda ko‘p, deya ta’kidlanadi tadqiqotda. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, uy-joyga majburiy kiritish to‘g‘risidagi ishlarning 51 foizidan ortig‘i (244 ta ishdan 125 tasi) va ota-onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi ishlarning 85 foizidan ortig‘ida (217 ta ishdan 186 tasi) taraflar advokatsiz ishtirok etgan.

Tomonlar “mustaqil” ishtirok etgan ota-onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi ishlarning 61 foizi (186 ta ishdan 123 tasi) ko‘rib chiqilmasdan qoldirilgan, yana 32 foizida esa (186 ta ishdan 60 tasi) ish yurituvi tugatilgan.

“Bu raqamlar bepul yuridik yordam tizimidan foydalanish imkoniyatlarini yanada oshirish zarurligini ko‘rsatadi”, — deyiladi tadqiqotda.

Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mita 32-sonli umumiy izohida tushuntirilishicha, “yuridik yordamning mavjudligi yoki yo‘qligi ko‘pincha insonning tegishli sud muhokamasiga kirish yoki unda to‘laqonli ishtirok etishi mumkinligini belgilaydi”.

“Garchi BMTTD oilaviy va gender zo‘ravonlik qurbonlariga davlat tomonidan moliyalashtiriladigan yuridik yordam ko‘rsatishga qaratilgan siyosatni qo‘llab-quvvatlasada (prezidentning 175-sonli farmoni), bepul yuridik yordamning samarali tizimi yuridik yordam ko‘rsatuvchilar: ham advokatlar, ham yuridik yordam ko‘rsatuvchi nodavlat notijorat tashkilotlari sonini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha choralarni ko‘rishni talab qiladi. NNTlar sonini ko‘paytirish uchun O‘zbekistonda NNT faoliyati bilan bog‘liq tartib-taomillarni soddalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha choralarni ko‘rish, shuningdek, NNTini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha moliyaviy resurslarni ajratish zarur”, — deyiladi tadqiqotda.

ayollar huquqi, bмттд, sud

Gender kesimidagi odil sudlov to‘g‘risidagi ma’lumotlar

Tadqiqotda keltirilishicha, xotin-qizlarning odil sudlovdan foydalanishi bo‘yicha statistik ma’lumotlar yetarli emas. 497 ta statistik shakldan faqat 7 tasida gender kesimidagi statistik ma’lumotlar mavjud.

Qayd etilishicha, Xotin-qizlarning odil sudlovga erishish imkoniyati to‘g‘risidagi 33-sonli CEDAW qo‘mitasining umumiy tavsiyasi nuqtai nazaridan genderga kesimidagi statistik ma’lumotlarga ega statistik shakllarning bu miqdori yetarli emas. Ushbu tavsiya ijrosini ta’minlash uchun a) sud qarorlarini tahlil qilish va b) sud jarayonlarini monitoring qilish kabi vositalardan foydalangan holda huquqni qo‘llash amaliyotini tizimli tahlil qilish zarur.

Ta’kidlanishicha, nodavlat notijorat tashkilotlari, faollar va mustaqil tadqiqotchilar odil sudlov to‘g‘risidagi ochiq ma’lumotlardan, shu jumladan sud qarorlarining onlayn bazasidan foydalangan holda O‘zbekistonda ayollar huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq haqiqiy vaziyatni aniqlash uchun birinchi vositani amalda qo‘llab kelmoqda.

“Shuni ham ta’kidlash kerakki, O‘zbekistonda sud jarayonlari monitoringi hali to‘liq amalga oshirilmagan, ya’ni gender tenglikni ta’minlash bilan bog‘liq qonun hujjatlarining amaldagi ijrosi to‘g‘risida muhim ma’lumot manbai keng jamoatchilik e’tiboridan chetda qolmoqda”, — deya qo‘shimcha qiladi tadqiqotchilar.

BMT Taraqqiyot dasturi sud-huquq islohotlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlarni davom ettirishini va O‘zbekiston hukumati va fuqarolik jamiyati bilan yaqin hamkorlikda xotin-qizlar huquqlari to‘g‘risida jamoatchilik xabardorligini oshirishga harakat qilishini ta’kidladi.