Ichki ishlar vazirligi o‘zini hayvonlarga qiyoslab, o‘sha jonzotning xatti-harakatlariga taqlid qilgan bolalar uchrayotgani haqida bildirib, ota-onalarni farzand tarbiyalash bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik javobgarlikka sabab bo‘lishidan ogohlantirdi.
Qayd etilishicha, so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda yoshlar o‘rtasida o‘zini ma’lum bir hayvon qiyofasida aks ettiruvchi aksessuarlardan foydalangan holda o‘sha jonzotning xatti-harakatlariga taqlid qilish ko‘rinishidagi kvadroberlik submadaniyati namoyon bo‘lmoqda.
Bunday harakatlar Qozog‘iston, Rossiya va Ukraina yoshlari orasida kuzatilishi bilan birga Toshkent shahrida ham uchramoqda.
Xususan, 10-oktabrda hayvonlar qiyofasidagi niqoblarni taqib olgan kvadrober uchratilgan, 11-oktabrda esa yana bir kvadrober yo‘lovchilarga itga taqlid qilib hujum qilgan. Voqeaga guvoh bo‘lgan bola qattiq qo‘rqib ketgani haqida xabar berilgan.
IIV mazkur holatlar jamiyatda yurish turish qoidalariga zid bo‘lishi va bu kabi xulq-atvorni mutlaqo qabul qilib bo‘lmasligini ta’kidladi.
Ekspertlar fikricha, kvadroberlik bola o‘ziga hayvonlarning agressiv harakatlarini qabul qilishiga, o‘zini va atrofdagilarni jarohatlashiga, bolaning hali to‘la shakllanmagan psixikasiga zarar yetishiga hamda uning jamiyatdan ajratilib qolishiga olib kelishi mumkin.
O‘zbekiston Konstitutsiyasining 77-moddasiga binoan, ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar, deya eslatmoqda vazirlik.
Shuningdek, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, voyaga yetmagan ta’lim oluvchilarning ota-onasi bolaning o‘qishi, tarbiyalanishi, jismoniy, ma’naviy va intellektual rivojlanishi uchun mas’uldir. Voyaga yetmagan ta’lim oluvchilarning ota-onasi o‘z bolalarini insonparvarlik, vatanparvarlik, mehnatsevarlik, ma’naviy, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalashi shart, deyiladi xabarda.
Vazirlikning qayd etishicha, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muvofiq, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi BHMning 5 barobarigacha (1 million 875 ming so‘mgacha) jarimaga tortishga sabab bo‘ladi.
Shu munosabat bilan, Ichki ishlar vazirligi ota-onalarni “o‘z farzandlarini har tomonlama barkamol qilib tarbiyalash bo‘yicha o‘zlarining ma’naviy burchlari va qonuniy majburiyatlarini” bajarishga chaqirdi.
Bola huquqlari kafolatlarini ta’minlashga mas’ul organlardan biri sifatida vazirlik shunday submadaniyat namoyon bo‘lishi holatlari ota-onalar tomonidan o‘z majburiyatlarini bajarmaslik sifatida malakalanishini ma’lum qildi.
Bundan tashqari, idora kvadroberlik bolaning ruhiy va emotsional sog‘lig‘iga qanday ta’sir etganini aniqlash maqsadida zarur hollarda bolalarni maxsus psixologik ko‘rikdan (konfidensial tarzda, bolani yakkalash va diskriminatsiya qilinishiga yo‘l qo‘ymaydigan do‘stona usullar orqali) o‘tkazish ham talab etilishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.