12-oktabr kuni Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi 668-sonli Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi, deya xabar bermoqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, mazkur qaror “Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish uchun litsenziya olish talablarini belgilash, ziyoratchilarga amallarni munosib va xavfsiz bajarishlari uchun shart-sharoitlar yaratish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, sifatli va kafolatlangan xizmatlardan foydalanishini ta’minlashga” qaratilgan.
Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyati uchun litsenziya yakka tartibdagi litsenziya turi hisoblanadi hamda litsenziyalarni berish tanlov asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan 5-oktabrdan amalga oshiriladi.
Qo‘mitaga ko‘ra, quyidagi litsenziya talab va shartlari joriy etilmoqda:
- ziyoratchilarga guruh rahbari etib O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida diniy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassisni tayinlash;
- shtatida diniy ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim muassasasi yoki O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bitiruvchisi bo‘lgan kamida bir nafar mutaxassisning mavjudligi;
- voyaga yetmagan fuqarolarga xizmat ko‘rsatmaslik;
- 1 mln dollar miqdordagi mablag‘ni “Ziyorat” jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yish;
- o‘z faoliyatini turoperator va turagentlar orqali amalga oshirmaslik;
- ziyoratchilar uchun Saudiya Arabistonining faqat Umra vizasini rasmiylashtirish (qolgan vizalar bilan fuqarolarni olib borish noqonuniy faoliyat hisoblanadi);
Bundan tashqari, Umra xizmatlarini Saudiya Arabistonidagi hamkor tashkilot o‘rtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq hamda ular tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lovlarni bank muassasalari orqali amalga oshirish kerak.
Shu bilan birga, ziyoratchilarga Umra amallarini bajarishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish va sifatli Umra xizmatlarini ko‘rsatish, shuningdek, Saudiya Arabistonining Makka va Madina shaharlarida ziyoratchilarga o‘z vaqtida tibbiy xizmat ko‘rsatishni tashkil etish lozim.
Qonun bilan xalqaro yo‘nalishlarda yo‘lovchi va yuk tashish bo‘yicha 2 yildan kam bo‘lmagan tajribaga ega hamda ushbu davr mobaynida yo‘lovchi tashishning xalqaro va milliy qonunchilik talablarini buzmagan aviakompaniyalar bilan hamkorlik qilish, shuningdek, ziyoratchilarni yuborishdan oldin ularga borish-kelish aviachiptalarini xarid qilish ham belgilanmoqda.
Bundan tashqari, talablar qatoriga quyidagilar ham kiritilmoqda:
- ziyoratchilarni toifasi 3 yulduzdan kam bo‘lmagan mehmonxonalarga joylashtirish;
- Umra xizmatini uchinchi davlatlar orqali ko‘rsatmaslik;
- Umra xizmatini litsenziyada ko‘rsatilgan manzildan boshqa joyda joylashgan vakolatxona va filial orqali amalga oshirmaslik;
Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha faoliyat uchun litsenziya olish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalar miqdorlari BHMning 200 baravari (75 mln so‘m) etib belgilangan.
Ma’lumot uchun, 2-iyul kuni “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 935-sonli qabul qilinan qonunga muvofiq, Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishga doir faoliyat litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mazkur sohadagi litsenziyalovchi vakolatli organ hisoblanadi.